RENESSANS TAʼLIM UNIVERSITETI MAʼNAVIYAT VA MAʼRIFAT KENGASHI NIZOMI

RENESSANS TAʼLIM UNIVERSITETI MAʼNAVIYAT VA MAʼRIFAT KENGASHI NIZOMI

I BOB. Umumiy qoidalar

1. Renessans taʼlim universiteti Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi (bundan keyin matnda “Kengash” deb yuritiladi) mustaqil, oʻz-oʻzini boshqaruvchi universitet organi boʻlib, maʼnaviy, maʼrifiy, madaniy va boshqa ijtimoiy foydali maqsadlarni koʻzlaydi.

U oʻz safida Renessans taʼlim universiteti Kengashi qarori bilan tasdiqlangan rais, uning oʻrinbosari, kotib hamda universitetning masʼul xodimlarini birlashtiradi.

2. Kengash jamoatchilik asosida taʼlim-tarbiya jarayonlarini qoʻllab-quvvatlash, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samadorligini oshirish, xodimlar, talabalar oʻrtasida ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish hamda taʼlimni samarali tashkil etishga koʻmaklashish uchun tashkil etiladi.

Kengash yuridik shaxs hisoblanmaydi.

3. Kengash oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Oʻzbekiston Respublikasining tegishli qonunlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar, shuningdek, ushbu Nizom asosida amalga oshiradi.

4. Kengash tarkibi aʼzolardan tashkil topib, ular tomonidan talaba-yoshlarning maʼnaviy-axloqiy tarbiyasi va mafkuraviy immuniteti, pedagogik jamoadagi ijtimoiy-maʼnaviy muhit, professor-oʻqituvchilar va masʼul xodimlarning maʼnaviy qiyofasi masalalari koʻrib boriladi.

5. Kengash oʻz faoliyatida qonuniylik, ilmiy-maʼrifiylik, oshkoralik, ijtimoiy adolat va insonparvarlik tamoyillariga amal qiladi.

Kengash oʻz maqomiga koʻra, universitetda azaliy maʼnaviy qadriyatlari-mizni, milliy tarbiyaviy merosimiz va anʼanalarimizni, ajdodlarimizning tarbiya sohasida erishgan ilgʻor tajribalarini hamda zamonaviy tarbiya texnologiyalarini uygʻunlashtirish va ommalashtirish, yoshlar tarbiyasi masalalari boʻyicha masʼuliyatini, faolligini kuchaytirishga qaratilgan amaliy tadbirlarni tashkil qiladi va ularda ishtirok etadi.

6. Kengashning toʻliq rasmiy nomi:

Renessans taʼlim universiteti Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi.

7. Kengash faoliyatining muddati cheklanmagan.

8. Kengashning asosiy ishini Renessans taʼlim universitetining Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi tashkil etadi va nazoratini olib boradi.

Kengashning asosiy ishchi organi Renessans taʼlim universiteti Yoshlar bilan ishlash, maʼnaviyat va maʼrifat, axborot-resurs markazi boʻlimi hisoblanadi.

 

II  BOB. Kengashning maqsad va vazifalari

9. Kengashning asosiy maqsadi talaba-yoshlarni xalqimizga xos odob-axloq meʼyorlariga mos, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sadoqatli qilib tarbiyalash, pedagogik-maʼrifiy ishlarni keng amalga oshirish, milliy tarbiya uslub va shakllarini, milliy gʻoya va maʼnaviyatni izchil targʻib qilish orqali yuksak maʼnaviyatli yoshlarni tarbiyalashga koʻmaklashish, pedagogik jamoalarda, umuman universitetda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yanada sogʻlomlashtirish hamda uning mustahkamligini taʼminlash, talaba-yoshlar va yosh mutaxassislardagi mafkuraviy immunitetni oshirishga doir ishlarni tashkil qilish va nazorat qilib borishdan iborat.

U rivojlangan davlat qurishdagi eng muhim omil hisoblangan yoshlar tarbiyasini takomillashtirish maqsadida zamonaviy axborot va pedagogik texnologiyalarni joriy qilish yuzasidan davlat va nodavlat tashkilotlariga taklif va tavsiyalar ishlab chiqadi.

Yoshlarni maʼnaviy-axloqiy jihatdan tarbiyalash, ularning huquqiy, siyosiy madaniyatini oshirishning samarali tizimini yaratish, universitetning har bir talabasida vatanparvarlik, yuksak axloqiy fazilatlar, mustahkam iroda, mafkuraviy immunitet, daxldorlik va oʻzlariga yuklatilgan majburiyatlarni bajarish, mamlakat taqdiri, uning mustaqilligini mustahkamlashda masʼullik tuygʻularini shakllantirish ishlariga rahbarlik qiladi.

Shuningdek, yoshlar tarbiyasi, maʼnaviyati, maʼrifati va madaniyatiga doir ishlarning samaradorligi va natijadorligini yanada oshirishga, tizimdagi maʼnaviy yuksalishni taʼminlashga koʻmaklashadi.

10. Kengash quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:

maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni takomillashtirish, natijadorligini taʼminlash va professor-oʻqituvchilar hamda talaba-yoshlar orasida yuksak axloqiy fazilatlarni targʻib qilish;

talaba-yoshlarda insonparvarlik va mehr-oqibat asosida oʻzaro hurmatni yanada oshirish, ijtimoiy, siyosiy barqarorlik, tinchlik va osoyishtalikni taʼminlashning ijtimoiy pedagogik shakl va usullarini ishlab chiqish hamda joriy qilishga koʻmaklashish, umumiy rahbarlik qilish va nazoratini olib borish;

mamlakatimizda taʼlim-tarbiya jarayonlarining samarali ishlashini taʼminlash orqali natijadorligini oshirishga oid nazariy va amaliy seminarlar, konferensiyalar, oʻquv treninglar tashkil qilish, konsultativ xizmatlar koʻrsatish va bunda axborot texnologiyalaridan keng foydalanish;

pedagoglar, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha masʼullarning tarbiyaviy ishlar metodikasiga oid kasbiy malakasini oshirish yoʻnalishida faoliyat yurituvchi tashkilotlar bilan doimiy aloqalar bogʻlash;

jahon va davlatimizning milliy gʻoya targʻiboti va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar hamda milliy tarbiya sohasidagi ilgʻor tajribalarini oʻrganib, universitetda tatbiq etish;

yosh mutaxassislarning ilmiy maktablar, pedagoglar sulolalari, darsliklar va qoʻllanmalar mualliflari, olimlar, adiblar bilan ijodiy muloqotlarni tashkil qilib borish;

maʼnaviyat, tarix, sanʼat, urf-odatlar va anʼanalarni ommalashtirishga bagʻishlangan fan olimpiadalari, turli koʻrik-tanlovlar, sport musobaqalarini tashkil etish va oʻtkazishdagi faolligini taʼminlash;

malakali, katta mehnat stajiga ega boʻlgan maʼnaviyat va maʼrifat xodimlari, ustoz-murabbiylar, professor-oʻqituvchilar bilan yosh pedagoglar oʻrtasida oʻzaro tajribalar almashish ishlarini amalga oshirish;

yurtimizda taʼlim-tarbiya, milliy hamda maʼnaviy qadriyatlarimizga, milliy gʻoya targʻiboti va mafkuraviy jarayonlarga taalluqli islohotlarning keng miqyosda targʻib qilinishini, ushbu islohotlarning mazmun-mohiyatini talabalar qalbi va ongiga singdirishda zarur uslubiy tavsiyalar ishlab chiqishni tashkil etish;

murabbiylarning yoshlar tarbiyasi oldidagi masʼuliyatini oshirishga qaratilgan dolzarb mavzulardagi konferensiyalar, simpoziumlar, seminarlar, davra suhbatlari va boshqa turli tadbirlar uyushtirish;

talaba-yoshlar hayoti, boʻsh vaqti va faoliyatini oʻrganish va tahlil qilish, ilgʻor tajribalarni ommalashtirish, ular tomonidan ishlab chiqilgan istiqbolli gʻoyalar va loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etish;

talaba-yoshlarning ijtimoiy, maʼnaviy va siyosiy faolligini oshirishga qaratilgan zarur sharoitlar yaratish, yoshlarni ilm olishga, kasb-hunarga yoʻnaltirishga ulubiy va amaliy yordam koʻrsatish;

tashqi va ichki tahdidlar hamda turli buzgʻunchi gʻoyalar taʼsiriga qarshi turuvchi milliy odob-axloq meʼyorlari, ularga amal qilinish holatlari boʻyicha sotsiologik tadqiqotlar oʻtkazish, shuningdek, mental xususiyatlarimizni muttasil rivojlantirishga qaratilgan konsepsiyalar, takliflar, tavsiyalar ishlab chiqish hamda tegishli davlat hokimiyati idoralariga, nodavlat tashkilotlariga, OAV hamda nashrlar muassislariga takliflar kiritish ishlariga umumiy rahbarlik va tashabbuskorlik qilish;

talaba-yoshlarning ijtimoiy-maʼnaviy, axloqiy-mafkuraviy, ilmiy-madaniy saviyasini yanada rivojlantirishga, maʼnaviy-maʼrifiy ahamiyatiga ega boʻlgan boshqa dasturlar va loyihalarga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishga har tomonlama koʻmaklashish;

ushbu nizom faoliyati doirasida boshqa idora va muassasalar hamda jismoniy shaxslar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, ular bilan hamkorlikda qoʻshma dastur va loyihalarni ishlab chiqish, ijtimoiy sheriklik asosida amalga oshirish.

 

III BOB. Kengashning huquq va majburiyatlari

11. Kengash quyidagi huquqlarga ega:

bepul pedagogik maslahatlar berish;

oʻz faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni erkin tarqatish;

mazkur Nizomda belgilangan vazifalarni amalga oshirish;

qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarni amalga oshirish.

12. Kengashning majburiyatlari:

oʻz faoliyatini qonun hujjatlariga va Kengash nizomiga muvofiq amalga oshirish;

Kengash faoliyatida oshkoralikni taʼminlash;

Kengash qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarga ham ega boʻlishi mumkin.

13. Kengash aʼzolari faqat oʻz majburiyatlari boʻyicha javob beradi.

 

IV BOB. Kengash raisi va aʼzolari

14. Kengash raisi:

Renessans taʼlim universiteti rektori Kengash raisi hisoblanadi;

Kengash faoliyatiga bevosita rahbarlik qiladi;

Kengash yigʻilishlarini olib boradi;

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi yigʻilishlarida Kengash nomidan ishtirok etadi;

Kengash rahbari qonunchilikka va ushbu Nizomga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

15. Lavozimiga koʻra, Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektor Kengash raisining oʻrinbosari, Yoshlar bilan ishlash, maʼnaviyat va maʼrifat, axborot-resurs markazi boʻlimi boshligʻi Kengashning kotibi hisoblanadi.

16. Kengashga aʼzolik Kengash raisi (Renessans taʼlim universiteti)ning buyrugʻi yoki Kengashning navbatdagi yoxud navbatdan tashqari yigʻilish qarorlari bilan amalga oshiriladi. 

17. Kengash aʼzolari teng huquqli boʻlib, ularning huquqlari quyidagilardan iborat:

Kengash faoliyati toʻgʻrisida maʼlumot olish;

Kengash tomonidan oʻtkaziladigan tadbirlarda ishtirok etish;

Kengashning faoliyati boʻyicha takliflar berish hamda ularning koʻrib chiqilishida ishtirok etish;

18. Kengash aʼzosining burchlari:

Kengash Nizomiga qatʼiy rioya etish;

Kengash yigʻilishlarida ishtirok etib borish (uzrli holatlar bundan mustasno);

Kengash yigʻilishlariga puxta tayyorgarlik koʻrish va doimo hisobot berishga tayyor turish;

Kengash yigʻilishlarida qabul qilingan qarorlar ijrosini oʻz vaqtida taʼminlash.

19. Kengashning har bir yigʻilishida kotib tomonidan imzolanadigan hamda rais tomonidan tasdiqlanadigan bayonnnoma yuritiladi.

 

V BOB. Yakuniy qoidalar

20. Kengashning har bir yigʻilishi hujjatlari bir nusxada rasmiylashtirib boriladi va ular Kengash kotibida saqlanadi.

21. Kengashning har bir yigʻilishi bayoni barcha kafedra va tegishli boʻlimlarga yetkaziladi hamda ijrosi doimiy ravishda nazorat qilib boriladi.