Ilmiy faoliyati va yutuqlari
Abduazizova Durdona Abduzuxurovna – ilmiy faoliyatida doimiy ravishda yangi bilimlarni o‘zlashtirib, akademik tadqiqotlarga munosib hissa qo‘shib kelayotgan yetuk olima. 2022-yil 14-dekabr oyida O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi fan doktori ilmiy darajasini berish ilmiy kengashida “Turli lingvomadaniyatlarda paralingvistik vositalar tipologiyasi” mavzusidagi dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilib, filologiya fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasiga ega bo‘ldi. Ushbu ilmiy ishda D.Abduazizova ijtimoiy-madaniy, kognitiv-pragmatik va etnik xususiyatli omillarni hisobga olgan holda turli lingvomadaniyatlarda (ingliz, o ‘zbek va rus) paralingvistik vositalar qo‘llanilishining taksonomik va funksional tahlilini o ‘tkazib, ularning izomorfik va allomorfik tavsiflari va o‘ziga xos xususiyatlarini tadqiq etgan. Ushbu ilmiy ishda D.Abduazizova ingliz, rus va o‘zbek lingvomadaniyatlarida paralingvistik vositalarning verbal va noverbal nutq intizomining qoida va me’yorlari, milliy mentalitet va xarakter, xayot tarzi, milliy an’analarni aks ettiruvchi o‘ziga xos milliy-madaniy xususiyatlari chuqur tahlil qilgan.
O‘zining ilmiy izlanishlari jarayonida Durdona Abduazizova bir nechta muhim yutuqlarga erishdi. Uning muallifligida 2ta ilmiy monografiya, 6 ta o‘quv-uslubiy qo‘llanma, 2ta darslik, Scopus ma’lumotlar bazasga kiruvchi va yuqori Impakt faktorli jurnallarda ilmiy maqolalari nashr etilgan. Shuningdek, u mahalliy va xalqaro jurnallarda 80dan ortiq ilmiy maqolalar e’lon qilgan.
2024–yil iyul oyida O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestasiya komissiyasi tomonidan D.Abduazizovaga professor ilmiy unvoni berilgan.
D.Abduazizova, 2023-2024 yillarda Rossiya Federasiyasi Moskva shahrining Patris Lumumba nomidagi Rossiya xalqlar do‘stligi universitetida bolib o‘tgan xalqaro lingvomadaniy Forumlarda faol ishtirok etgan va bilimlarini oshirgan. Olima ilmiy hamjamiyatda erishgan yutuqlari va xalqaro tajribalari bilan o‘zbekistonlik olimlar orasida o‘ziga xos o‘ringa ega. Yaponiya (Tokio) Bojxona instituti bilan hamkorlikda bir qator tajriba almashuv dasturlarida qatnashib, dunyoqarashini yanada kengaytirdi va o‘z ilmiy izlanishlarining metodologik asoslarini takomillashtirdi. D.Abduazizova doimiy ravishda falsafa doktori (PhD) bo‘yicha shogirdlarni tayyorlab kelmoqda.
D.Abduazizova o‘z ilmiy faoliyatida nafaqat yangi bilimlar yaratish, balki ingliz va o ‘zbek tillarning rivojlanishiga hissa qo‘shish va O‘zbekistonning xalqaro ilmiy nufuzini oshirish yo‘lida keng ko‘lamli tadqiqotlarni amalga oshirib kelmoqda.
Soha muammolariga qaratilgan ilmiy-tadqiqot mavzusi
Turli lingvomadaniyatlarda paralingvistik vositalar tipologiyasi mavzusi tilshunoslik tadqiqotlarining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Ushbu ilmiy ish paralingvistik vositalar ingliz, o‘zbek va rus tillarida mavjudligi asosida ularning kommunikativ-pragmatik, ijtimoiy-madaniy, kognitiv va etnik jihatlardagi xususiyatlari nuqtai nazaridan turkumlashtirish va konseptuallashtirishdan iborat.
parafonetik va parakinesik vositalarning ingliz, rus va o‘zbek lingvomadaniyatlaridagi parametrlashtirilishi dalillangan;
ingliz, rus va o‘zbek lingvomadaniyatlarida noverbal vositalarning ko‘p ma’noliligi va ko‘p funksionalligi, yuqori-kontekstli va quyi-kontekstli madaniyatga tegishli semantik-stilistik, kommunikativ-pragmatik, kognitiv kabi izomorf xususiyatlari xamda paralingvistik vositalarning ma’lum bir madaniyatda mavjudligi, ikkinchi bir madaniyatda esa mavjud emasligi, funksional yo‘naltirilganligi, variantdorligi kabi allomorf xususiyatlari asoslangan;
tahlil qilingan lingvomadaniyatlardagi kommunikasiyalarning turli tip va vaziyatlarda qo‘llaniluvchi paralingvistik vositalar mavjud bo‘lishi jarayonlarida kommunikativ, ijtimoiy-madaniy va kognitiv-pragmatik omillarning yosh va gender omillari, madaniy va ta’lim darajasi doirasidagi maqom tavsiflari, kommunikasiyaning intensional va strategik xarakteri, insonning intellekti va mentaliteti bilan bevosita bog‘liq kabi funksiyalari asoslangan;
ingliz, rus va o‘zbek lingvomadaniyatlarida paralingvistik vositalarning verbal va noverbal nutq intizomining qoida va me’yorlari, milliy mentalitet va xarakter, xayot tarzi, milliy an’analarni aks ettiruvchi o‘ziga xos milliy-madaniy xususiyatlari isbotlangan;
paralingvistik vositalarning funksional ahamiyati hamda tahlil qilinayotgan lingvomadaniyatlardagi kommunikasiya va muloqot vaziyatlarning madaniyatlararo kommunikasiya, nutq madaniyati, adabiy kommunikasiya tiplarida ularning asosiy kognitiv, ijtimoiy-madaniy, stilistik funksiyalari dalillangan;
madaniyatlararo aloqada, nutq odobida paralingvistik vositalarning ijobiy kontentini yaratish, hushmuomalalikni ifodalash, aloqa o‘rnatish, kelishuvga erishish, dunyo va dunyoning konseptual tasvirini modellashtirish xaqidagi yangi bilimlarni to‘plash, ma'lum bir ma’noni to‘g‘ri yetkazib berish kabi konseptual ahamiyati asoslangan.
Tadqiqot natijadorligi
Ushbu tadqiqot natijalari, ingliz, o‘zbek va rus lingvomadaniyatlarida parafonetik, parakinetik vositalarning ishlab chiqilgan tipologiyasi va parametrlanishi, shuningdek, ularning qiyosiy va madaniyatlararo tahlili paralingvistika, sosiolingvistika, madaniyatlararo aloqa, nutq odobi va adabiy aloqaning rivojlantirishga katta hissa qo‘shishi aniqlangan;
ingliz, o‘zbek va rus til madaniyatlaridagi paralingvistik vositalarning funksional xususiyatlari, shuningdek milliy-madaniy o‘ziga xos xususiyatlariga oid xulosalar ularning turli xil aloqa jarayonida ahamiyatini tasdiqlashi asoslangan;
paralingvistik vositalarning madaniyatlararo aloqada funksional xususiyatlari va konseptual ahamiyati, nutq odob-axloq qoidalarida va badiiy matnda konseptual ahamiyati bo‘yicha aniqlangan xulosalar universitetlarning o‘quv jarayonida o‘quv dasturlari va ma'ruza kurslarini ishlab chiqishda, umumiy tilshunoslik, kognitiv tilshunoslik, madaniyatlararo aloqa, sosiolingvistika, umumiy tilshunoslik bo‘yicha ma'ruzalar va seminarlarda qo‘llanilishi aniqlangan;
tadqiqot davomida ishlab chiqilgan tavsiyalar madaniyatlararo aloqa, turizm sohalarida faoliyat olib boruvchi xodimlar uchun xizmat qiladigan, shuningdek, yuqori aloqa madaniyatini talab qiladigan barcha kommunikativ vaziyatlarda amaliy qo‘llanma bo‘la olishi isbotlangan.
Xalqaro hamkorlik
Hamkorlik doirasida Rossiya Federatsiyasining Moskva shahridagi bir necha yetakchi oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorliklar yoʻlga qo‘yilgan. Jumladan, Moskva davlat lingvistika universiteti, Patris Lumumba nomidagi Rossiya xalqlar do‘stligi universiteti bilan oʻquv va ilmiy sohada hamkorliklar qilib kelmoqda. Ushbu universitetlar bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar O‘zbekiston oliy ta’lim tizimining global miqyosda raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan. Bunday hamkorliklar ta’lim va ilm-fan sohalarida yangi imkoniyatlarni yaratish, innovatsion yondashuvlar va ilg‘or metodologiyalarni o‘zlashtirish imkonini beradi.
Hamkorlik doirasida yuqori darajadagi ta’lim, zamonaviy texnologiyalar va innovatsion uslublar o‘rganilishi, o‘zaro tajriba almashinuvi, ilmiy izlanishlar orqali yanada mustahkamlashga qaratilgan.