Ulugʻ Navoiyni oʻqigan millat aslo kam boʻlmaydi

Ulugʻ Navoiyni oʻqigan millat aslo kam boʻlmaydi

Buyuk mutafakkir Mir Alisher Navoiy haqida gap ketganda sevimli shoirimiz Erkin Vohidovning “Oʻzbegim” qasidasidagi “...Lek Navoiydek bobom bor, Koʻksi osmon, oʻzbegim” degan misralari yodga tushadi.
Yana Hazrat Navoiy “millatimiz quyoshi” deb ham ulugʻlanadi. Buning maʼnosini tushunish, magʻzini chaqish uchun esa allomaning hayot va ijodini chuqur oʻrganishimiz kerak. 
 
Navoiyshunos olimlarimizning “Navoiyni oʻqigan millat aslo kam boʻlmaydi” deganlarida ham ayni shu haqiqat mujassam. 
 
Renessans ta'lim universitetida tashkil etilgan Alisher Navoiy tavalludining 583 yilligiga bag‘ishlangan tadbirda so‘zlangan nutq ham yuqoridagi fikrlarning isboti demak. 
 
Uchrashuvda so‘z olgan universitet rektori Nusratilla Radjabovich Barakayev "Oʻz ijodi bilan dunyoga dong taratgan Alisher Navoiy nafaqat “Xamsa”, “Xazoyin ul-maoniy”, “Muhokamat ul-lugʻatayn”, “Hayrat ul-abror”, “Navodir un-nihoya”, “Munshaot” kabi betakror asarlari, balki ibratli hayoti, ulugʻ insoniy fazilatlari bilan ham biz avlodlariga salkam olti asrdan buyon saboq berib keladi" deya o‘z fikrlarini bildirdi. 
"Darhaqiqat, bugunga qadar Alisher Navoiy ijodiga bagʻishlangan tadbirlar, ilmiy-amaliy konferensiyalar, ijodiy uchrashuvlar muntazam oʻtkazib kelinayotgan boʻlsa-da, yosh avlod Navoiyni anglashi uchun bu kabi saʼ-harakatlar yetarli emas. Navoiyshunos olimlarimiz taʼkidlaganidek, farzandlarimizni bogʻcha yoshidan, eng ziyraklik davridanoq ularga Navoiyni oʻrgatishimiz, uning boy adabiy merosi mazmun-mohiyatini uqtirishimiz kerak" deb, ta'kidlab o‘tdi uchrashuv qatnashchilari. 
 
Haqiqardan ham uning asarlari asosida qiziqarli kino, sahna asarlari, yosh bolajonlar uchun multfilmlar yaratilishi kerak. Demak, bu borada madaniyat va sanʼat sohasi vakillari, tizim tashkilotlari xodimlari zimmasida ham ulkan masʼuliyat turibdi.
 
Oʻylaymizki, soha xodimlari ana shu masʼuliyatni chuqur anglab, buyuk ajdodlarimiz shaxsiyati va adabiy merosiga faqatgina biror sana munosabati bilan yuzlanmasdan, yil davomida oʻqib, oʻrganib, oʻrgatib, namoyish etib borishadi.
 
Shundagina kelgusida oʻz tarixini chuqur biladigan, yuksak maʼnaviyatli, madaniyatli, ilm-maʼrifatli, millatparvar avlodni ulgʻaytirishga hissador boʻla olamiz.