Renessans ta’lim universiteti talabalaridan iborat jamoa fevral oyi rejasiga muvofiq “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil” dasturi doirasida davlat va uy muzeylariga ekskursiyalar tashkil etishmoqda. Navbatdagi tashrif “G‘afur G‘ulom” uy muzeyi va “O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi”ga uyushtirildi.
Maktabgacha ta’lim yo‘nalishi 23-23MT guruhi talabalari G‘afur Gulom uy muzeyi bilan tanishib adibning hayoti va ijodi haqida to‘liq ma‘lumotga ega bo‘ldilar. Muzey ikki qismga bo‘lingan. Ulardan birinchisi - yozuvchi yashagan uy, ikkinchisi - asosiy ko‘rgazma joylashgan ikki qavatli bino. Ikkinchi bino 2003-yilda G‘afur G‘ulomning 100 yilligiga qurib bitkazilgan. Muzeyning yodgorlik qismida talabalar yozuvchining ko‘plab shaxsiy buyumlarini tomosha qildilar. Bu yerda adibning noyob kutubxonasi, o‘quv xonasi, do‘stlari bilan uchrashgan mehmonxonasi mavjud. Qiziqarli xonalardan biri - bu musiqa xonasi, bu yerda ikkita musiqiy asbob bor: bir vaqtlar G‘afur G‘ulom chalgan tambur va dutor.
Yangi binoda joylashgan ko‘rgazma majmuasida talabalar yozuvchi ijodi bilan tanishdilar. Bu yerda uning qo‘lyozmalari, fotosuratlari, kitoblari, adabiyotga oid maqolalari, chet el asarlari tarjimalari joylashgan. Muzey fondida bugungi kunda 12000 dan ortiq eksponatlar mavjud bo‘lib, ularning aksariyati yozuvchining qarindoshlari tomonidan taqdim etilgan. Bu yerda chet ellik muxlislar tomonidan muzeyga sovg‘a qilingan ko‘plab eksponatlar (Misol uchun, yunon tilida nashr etilgan “Shum bola” hikoyasi)ni ham ko‘rish mumkin.
“Moliya va moliyaviy texnologiyalar”, “Iqtisodiyot” yo‘nalishlari kunduzgi taʼlim talabalari esa “O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi”dagi qadimiy kulolchilik va to‘qimachilik buyumlari namunalarining to‘plamlari, ko‘plab qadimiy tangalar, shuningdek, tarixiy hujjatlar va san’at asarlari kolleksiyalari, temuriylar davriga oid eksponatlar ushbu hududda yashagan xalqlarning o‘rta asr sivilizatsiyasining gullab-yashnashi, ilm-fan va she’riyat, san’atdagi yutuqlarini to‘liq namoyish etish imkonini beruvchi qimmatli eksponatlar haqidagi ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.
Ekskursiya talabalarda juda katta taassurot qoldirdi va tarixiy eksponatlarga bo‘lgan qiziqishlarini yanada orttirdi.