Renessans ta’lim universitetida Filologiya kafedrasi tomonidan “Erta turmushni oldini olish va qarindosh-urug‘ o‘rtasidagi nikohlarning salbiy oqibatlari” xususida davra suhbati tashkil qilindi. Unga mehmon hamda ekspert sifatida Charxnovza mahallasi ginekolog shifokori Elyanora Nizamova taklif qilindi. Shuningdek, Renessans ta’lim universiteti xotin-qizlar qo‘mitasi rahbari X.Abdullayeva ham so‘zga chiqib o‘tirganlarga tushuntirish ishlarini olib bordi.
Erta turmush qurish yoki yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh qanday oqibatlarga olib kelishini deyarli hammamiz yaxshi bilamiz. Bu borada qator tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Ammo shunga qaramay, qizlarni erta turmushga berish yoki yaqin qarindoshlarning nikohi hamon uchrab turibdi. Bu esa oilalarni mustahkamlash, yon shajara bo‘yicha yaqin qarindoshlar o‘rtasida nikoh tuzishning oldini olishga qaratilgan qonunchilik hujjatlarini takomillashtirishni taqozo etmoqda.
Xususan, 2024-yil “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” Davlat dasturida shuningdek, joriy yil 20-fevral kuni Prezidentimiz raisligida ijtimoiy himoya sohasidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Oliy Majlis Senati hamda Qonunchilik palatasiga tegishli vazirlik va tashkilotlar bilan birgalikda kelajak avlod salomatligiga salbiy ta’sir qiladigan qarindoshlikning barcha darajasidagi nikoh tuzishga yo‘l qo‘ymaslikni qonun bilan belgilash masalasini muhokama qilish va taklif kiritish vazifasi belgilangan.
Suhbat davomida turmush qurish jarayonida tibbiy ko‘rikning ahamiyati haqida hamda yaqin qarindoshlar o‘rtasida tuzilgan nikohlarning salbiy oqibatlari haqida fikr-mulohazalar bildirildi.
Uchrashuv so‘ngida, talabalar o‘zlarining qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan munosib javoblar olishdi.