Bugun ta’lim sohasi oldida turgan eng dolzarb vazifalardan biri – pedagoglarning bilim va ko‘nikmalarini zamon talablari asosida doimiy ravishda yangilab borishdir.
Ana shu maqsadda Renessans ta’lim universitetining 22 nafar professor-o‘qituvchilari Qozon Federal universitetining Psixologiya va taʼlim instituti onlayn malaka oshirish kurslarini muvaffaqiyatli yakunladi.
Mazkur o‘quv kursi Renessans taʼlim universiteti va Qozon Federal universiteti o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumiga asosan tashkil etildi. Kursning maqsadi ilmiy maqolalarni loyihalash, oʻquv jarayonlarini boshqarish sohalarida universitet professor-o‘qituvchilarining kasbiy malakasini rivojlantirish, shuningdek, raqamli ta’lim resurslari va baholash vositalari fondini ishlab chiqishdan iborat.
Bir oy davom etgan onlayn kursda ishtirokchilar chuqurlashtirilgan darslardan o‘tdi. Mashg‘ulotlarni Qozon Federal universitetining tajribali professor-o‘qituvchilari olib bordi. Onlayn tarzda tashkil etilgan malaka oshirish kursini muvaffaqiyatli yakunlagan barcha professor-o‘qituvchilarga sertifikatlarni Qozon Federal Universitetining Jizzax filiali direktori, professor Galimov Almaz Mirzanurovich topshirdi.
Bu hamkorlik professor-o‘qituvchilar uchun o‘z ustida ishlash va xalqaro tajriba orttirish imkonini berdi.