Yoshlar uchun huquqiy savodxonlik: Zo‘ravonlik va huquqbuzarlikka qarshi kurash bo‘yicha uchrashuv

Yoshlar uchun huquqiy savodxonlik: Zo‘ravonlik va huquqbuzarlikka qarshi kurash bo‘yicha uchrashuv

Joriy yilning 20-dekabr kuni Renessans ta'lim universitetida yoshlarning huquqiy madaniyatini oshirish va zo‘ravonlikning oldini olishga qaratilgan uchrashuv bo'lib o'tdi. 
 
Unda Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayhontohur tuman sudyasi B.Rahimov hamda Shayhontohur tumani Ichki ishlar bo‘limi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektori G.Ishanxonova ishtirok etdi.
Asosiy mavzu yoshlar orasida huquqbuzarliklar va zo‘ravonlikning oldini olish bo'ldi. Sudya B.Rahimov yoshlarni huquqiy bilimlarini oshirish jamiyatda tinchlik va barqarorlikni ta’minlashda muhim omil ekanini ta’kidladi. U real hayotdan misollar keltirib, huquqbuzarliklar oqibatlari va ularning jamoatchilikka ta’siri haqida so‘zlab berdi.
Inspektor G.Ishanxonova esa xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish va oilaviy zo‘ravonlikni oldini olish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishtirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, oilaviy muammolarni erta aniqlash va psixologik yordam ko‘rsatish zo‘ravonlik holatlarining oldini olishda muhim rol o‘ynaydi.
 
Tadbir davomida talabalar o‘z savollari bilan faol qatnashdilar. Yoshlarni ayniqsa huquqbuzarlikning qonuniy oqibatlari va o‘z huquqlarini qanday himoya qilish bo‘yicha masalalar qiziqtirdi. Uchrashuv interaktiv tarzda o‘tkazilib, talabalarning fikrlari va takliflari ham katta qiziqish bilan tinglandi.
 
Bu kabi tadbirlar nafaqat huquqbuzarlikning oldini olishda, balki yoshlar orasida ijtimoiy mas’uliyat va huquqiy madaniyatni shakllantirishda ham muhim ahamiyatga ega.