To‘lqin Eshbek ishtirokida madaniy-ma’rifiy uchrashuv o‘tkazildi

To‘lqin Eshbek ishtirokida madaniy-ma’rifiy uchrashuv o‘tkazildi

Renessans ta’lim universiteti Ijtimoiy-siyosiy fanlar kafedrasi tomonidan madaniy-ma’rifiy uchrashuv tashkil qilinib, unga O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi a’zosi, adabiyot sohasidagi Usmon Nosir mukofoti laureati, jurnalistika sohasida “Oltin qalam” Milliy mukofoti sovrindori  - To‘lqin Eshbek taklif etildi.
Suhbat davomida mehmon To‘lqin Eshbek tomonidan “tandirdan uzilgan” ya’ni hech qayerda takrorlanmagan gaplar aytildi. Ayniqsa, o‘zbek xalq maqollari hamda ayrim maqollarning kelib chiqish tarixi va odamlar orasida noto‘g‘ri talqin qilinishi haqida fikrlar bildirildi. Bu ma’lumotlar zalda o‘tirgan ko‘pchilikning hayratiga sabab bo‘ldi va barchaning diqqatini qaratdi. “Ustoz otangdek ulug‘mi” yoki “Ustoz otangdan ulug‘” degan maqolning qaysi biri to‘g‘ri ekanligi haqidagi savollar barchaning muhokamasiga sabab bo‘ldi.Tadbirda, shuningdek, To‘lqin Eshbek ustoz va ona haqida ularning buyukliklari to‘g‘risida gapirdi.
Undan keyin jarayon she’riyat bilan ulanib ketdi va taniqli pedagog o‘zining satirik “Mukejning izdoshlari” deb nomlangan she’rini o‘qib berishi bilan yakunlandi.
 
Ma’lumot o‘rnida, quyida ushbu shaxs biografiyasi keltirildi:
To‘lqin Eshbek 1963-yil 1-iyun kuni Samarqand viloyati Ishtixon tumanida tug‘ilgan. Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) jurnalistika fakultetini tamomlagan (1985).2006-yil 28-avgustdan buyon Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zMU jurnalistika fakulteti "Ommaviy aloqalar va reklama" kafedrasi katta o‘qituvchisi, 2011-yildan buyon dotsenti, shu bilan bir qatorda O‘zMU axborot xizmati rahbari lavozimida ham faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.To‘lqin Eshbek “Tahririyat ishini tashkil etish” (2001), “OAVda reklama san’ati” (2003), “Axborot xizmati: ishlash usullari va tamoyillari” (2009), “Mafkura maydonida axborot-psixologik xavfsizlik” (2011), “Axborot-psixologik xavfsizlik: nazariya va amaliyot” (2013) o‘quv qo‘llanmalari, hammualliflikda “Jahon jurnalistikasi tarixi” (2008), “Ochiq axborot tizimlarida axborot-psixologik xavfsizlik” (2013) darsliklari va “Jurnalistika, ma’naviyat, jamiyat” (2010) risolasi chop etilgan. U “Jigarbandlar” (1992), “Shabada esgan kun” (1993), “Qishloqlik bola qissasi” (1994), “Jaydari hangomalar” (1996), “Adashgan qiz qismati” (2000), “Hayot karvonlari” (2005) nasriy to‘plamlari muallifi.U O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi a’zosi. Adabiyot sohasidagi Usmon Nosir mukofoti laureati (1993), jurnalistika sohasida “Oltin qalam” Milliy mukofoti sovrindori (2008) bo‘lgan.