“Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida tashkil qilingan “Zakovat” intellektual o‘yinida Filologiya va tillarni o‘qitish kafedrasi talabalari jamoa bo‘lib, o‘zaro bellashishdi va unda “Tafakkur” jamoasi g‘alaba qozondi. Quyida ushbu jamoa a’zolari bo‘lgan ikkita qizdan olingan intervyu matni to‘liq berildi.
Assalomu alaykum, hozirgi kunda Renessans ta’lim universitetida mutolaa haftaligi bo‘layotgan ekan, siz ushbu haftalikda qanchalik faol qatnashdingiz va unda kimning hayot va ijodini o‘rgandingiz?
Usmonova Sevinch: Assalomu alaykum, biz bu haftada O‘zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A’zam, navoiyshunos olim Olimjon Davlatov va yosh ijodkor Xurshid Abdurashidning hayotlari va ular yozgan asarlari va she’rlarini o‘qib o‘rgandik. Bugun esa ushbu o‘rgangan bilimlarimizni sinash maqsadida “Zakovat” intellektual o‘yini o‘tkazildi va unda bizning “Tafakkur” jamoamiz g‘olib bo‘ldi.
Juda ham yaxshi, sizga o‘yinda berilgan savollardan qaysi biri juda ham yoqdi va uni qanaqa savol ekanligini ayta olasizmi?
Abdulazizova Laylo: O‘yinda qiziqarli savollar juda ko‘p bo‘ldi, lekin menga eng yoqgani: Erkin A’zamning kinodramaturgiya yo‘nalishida yozilgan “Parizod” asaridan berilgan savol bo‘ldi. Bu savol menga umuman qiyinchilik tug‘dirmadi, chunki Zarina Nizomiddinova ishtirokidagi bu filmni rosa sevib tomosha qilganman va uning sahnalari esimda qolgan.
Rahmat. Bu galgi savolim ikkingizga ham tegishli. Sizlar Filologiya va tillarni o‘qitish (o‘zbek tili) yo‘nalishida o‘qir ekansiz, shu paytgacha nechta badiiy kitoblarni o‘qigansiz va mazkur shoir, yozuvchilarning yozgan asarlari bilan ular nechtaga ko‘paydi?
Usmonova Sevinch: O‘ylantiradigan savol bo‘ldi. Meni kichkinaligimdan badiiy adabiyotga muhabbatim baland. To‘g‘risini aytsam, ularning aniq sonini bilmayman, lekin 150-200 atrofida o‘qigan bo‘lishim kerak. Erkin A’zamning “Chiroqlar o‘chmagan kecha” nomli hikoyalar to‘plami, Olimjon Davlatovning “Alisher Navoiyning qomusiy lug‘ati” hamda Xurshid Abdurashidning “Faqat u qoldi” she’riy to‘plamlari bilan ularning soni yana uchtaga ko‘paydi.
Abdulazizova Laylo: Meni bir odatim bor kitob o‘qishni yaxshi ko‘raman, lekin hamma kitoblarni ham o‘qib ketavermayman, chertib-chertib, saralab o‘qiyman. Erkin A’zamning “Kechikayotgan odam”, Olimjon Davlatovning „Ibn al-Arabiy va uning vahdat ul-vujud falsafasi“, Xurshid Abdurashidning “O‘sha men edim” kitoblari ana shunaqangi sara roman, asarlar she’rlarimdan bo‘ldi va men ularni maroq bilan o‘qidim.
Javoblaringiz uchun kattakon rahmat. Sizlarga kelgusi o‘qishlaringizga rivoj tilab qolamiz va mana shunaqangi adabiyotga oshuftalik hissi sizlarni hech qachon tark etmasin!
RTU matbuot xizmati