Barchamizga ma’lumki, Samarqand sharqona mehmondo‘slikning haqiqiy namunasi ekani bilan ajralib turadi. Bu yerda bir necha millat vakillari uzoq vaqtlardan beri hamjihatlikda yashab kelmoqda.
Bu shahar Bobil, Afina, Rim va boshqa shu kabi shaharlar bilan tengdosh hisoblanadi.
Samarqand ko‘chalarida harakatlanar ekansiz unda poytaxtga xos muhitni his qilishingiz mumkin.
Renessans ta'lim universiteti talabalaridan iborat jamoa tarixiy Samarqand shahriga sayohat uyushtirdi va uning diqqatga sazovor manzillaridan unutilmas taassurotlar olishdi
Samarqand shahri qadimdan yer yuzining sayqali deya e’tirof etib kelingan. Bu qadimiy shahar haqida juda ko‘p tarixiy manbalarda ma’lumotlar keltirilgan. Samarqand qadimdan o‘zining betakror go‘zalligi, ajoyib ob-havosi, shirin suvi va mazali nonlari bilan dunyoga mashhur shahar bo‘lgan. Ayniqsa, sohibqiron Amir Temur davrida Samarqand gullab yashnagan, savdo-sotiq markaziga aylangan va eng yuksak kamolotga yetgan.
Dunyoning ko‘plab mamlakatlaridan savdogarlar va sayyohlar bu shaharni bir marotaba ko‘rishni orzu qilishgan. Hazrat Navoiy ham bu shaharda bo‘lib, uning betakror go‘zalligi haqida asarlarida yozgan. Ajoyib shoir va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur ham Samarqand shahrini beqiyos qadrlagan. Yevropa davlatlarining hukmdorlari bu shaharni ziyorat qilishni o‘zlari uchun sharaf deb bilganlar.
Oradan qancha asrlar o‘tsa hamki Samarqand hali xanuz odamlarni o‘ziga ohangrabodek jalb qilib kelmoqda.
Sayohat davomida sayohatchilar navqiron Samarqandning qadimiy tarixi va mustaqillik yillarida barpo etilgan bunyodkorlik majmualari to‘g‘risida katta taassurotlarga ega bo‘ldilar.
"Sayohat Registon maydoni ziyorati bilan boshlanib, Amir Temur, Bibixonim, Shoxi zinda maqbaralari, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi, Islom Karimov ziyorati bilan davom etar ekan mazkur tarixiy obidalar, ulardagi naqshinkor bezaklar, ganchkorlik namunalari ota-bobolarimizning ilm-fan taraqqiyotidagi qudrati va donishmandligi, insoniyat taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shganligiga yana bir bor amin bo‘ldik" deydi, universitet talabalari.