
Assalomu alaykum hurmatli aziz ustozlar, qadri baland universitetimiz bitiruvchilari!

Har qanday jamiyatning tayanchi, kelajagining asosiy harakatlantiruvchi kuchi sizlardirsiz. Yurtimizda yosh avlodning har tomonlama barkamol bo‘lib voyaga yetishida, zamonaviy bilim va kasb-hunar sirlarini mukammal egallashida, professor-o‘qituvchilarimizning beqiyos o‘rnini alohida taʼkidlash joiz.

Shuningdek, taʼlim muassasalarida barcha shart-sharoitlarning yaratilganligi, moddiy texnik bazaning zamonaviy uskunalar bilan jihozlanganligi taʼlim sifatining oshishiga, talabalarining o‘z sohasining bilimdoni bo‘lishiga xizmat qilmoqda. Professor-o‘qituvchilarimizning ilmiy ishlariga talaba shogirdlarini jalb etgan holda «Ish joyi so‘rab boruvchi emas, ish joyi yaratuvchi» kadrlarni tayyorlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Bunda Renessans taʼlim universiteti professor-o‘qituvchilari o‘z sohasi bo‘yicha talabalarining intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularning ilg‘or g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, innovatsion fikrlaydigan mutaxassis bo‘lib yetishishlari yo‘lida doimiy izlanishda bo‘lib, o‘z mehnatlari mahsulini siz bitiruvchilar orqali ko‘rishga intilmoqda.

Sizlarni o‘z sohasining innovatorlari bo‘lib, korxona va tashkilotlarga kirib borishingiz nafaqat ota-onangizni, qolaversa, ustozlaringizni ham g‘ururlantiradi. Respublikamizda aholining turmush darajasini yanada yaxshilanishi, yetakchi davlatlar qatoriga qo‘shilishi siz bitiruvchilarimizning doimiy umr davomida ilmiy izlanishda bo‘lishingiz, o‘qishdan to‘xtamasligingizga bog‘liqdir. Shu sababli, doimo yangi bilimlarni o‘zlashtirishdan to‘xtamang.

Bugungi kunda taʼlim va fan sohalarida bo‘layotgan keng ko‘lamli islohotlarning markazida aynan siz — bilimli, tashabbuskor, izlanayotgan bitiruvchilarimiz turibsiz. Ishonamizki, sizning g‘ayratingiz, mehnatsevarligingiz va fidoyiligingiz yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa bo‘lib qo‘shiladi.

Bugungi kun universitetimizda barchamiz uchun quvonchli sana bo‘lib, har bir yigit-qizga yangi marralarni zabt etish, yuksak orzu va maqsadlar sari dadil intilish yo‘lida ilhom va kuch bag‘ishlasin!

Yurtimizning ertangi kuni — sizning qo‘lingizda! Sizga mustahkam sog‘lik, bilim yo‘lingizda omad, orzu-maqsadlaringizga yetishishda kuch-g‘ayrat tilayman.
Bitiruv oqshomingiz muborak bo‘lsin, aziz bitiruvchilar!