Poytaxtimizdagi “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasida “Oliy taʼlimni tashkil etishda xorijiy tajribalar: transformatsiya va innovatsiyalar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘z ishini boshladi.
Nufuzli tadbir Renessans taʼlim universiteti tomonidan Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamkorligida tashkil etildi.
Konferensiyani Renessans ta'lim universiteti rektori, texnika fanlari doktori, professor Nusratilla Barakayev tantanali ochib berdi.
Konferensiyada mahalliy vazirlik va idoralar, oliy taʼlim muassasalari hamda AQSH, Germaniya, Fransiya, Janubiy Koreya, Shvetsiya, Rossiya, Meksika, Finlandiya, Bolgariya, Xitoy, Turkiya, Hindiston, Pokiston, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi 15 dan ziyod xorijiy mamlakatlarning davlat va nodavlat OTMlaridan 70 dan ortiq vakillari ishtirok etmoqda.
Tadbirning asosiy maqsadi oliy taʼlim transformatsiyasi trendlari, innovatsion taʼlim yondashuvlari va texnologiyalari, ilmiy-amaliy tadqiqotlar va innovatsiyalarni rivojlantirish kabi yo‘nalishlarda zamonaviy va ilg‘or yutuqlarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha mahalliy hamda xorijiy hamkorlar bilan o‘zaro tajriba almashish va bu borada xalqaro hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirish, shuningdek, kelgusidagi yangi reja va maqsadlarni belgilab olishdan iborat.