“Pedagogik texnologiya va pedagogik mahorat sirlari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi

“Pedagogik texnologiya va pedagogik mahorat sirlari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi

“Boshlang‘ich, maktabgacha ta’lim va sport” kafedrasi professor o‘qituvchilari va talabalari ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvda Renessans Ta’lim Universiteti rektori Nusratilla Rajabovich Barakayev so‘zga chiqib, “umidli inson borki, hamisha oldinga intilib yashaydi. Orzu istaklar og‘ushida maqsad va niyatlar sari intiladi. O‘z oldiga ma’lum bir maqsadlarni qo‘yib ro‘yobga chiqarish uchun kurashadi. Modomiki, umid va intilish, maqsad va natija bo‘lmasa inson hayotining umri zayli fayzsiz, besamar, rangsiz va ma’nosiz bo‘lib qoladi. Hayot oqimi, jo‘shqin daryodek girdobi qarshisida ma’nan ojiz, jismonan mag‘lub bo‘lib, ruhiy tushkunlikka giriftor bo‘ladi. Adog‘i yo‘q kundalik tashvishlar inson ma’naviy olamini yemirishi tabiiy. Metindek irodali insongina o‘z hayot yo‘nalishini mukammal belgilab oladi. Uning ezgu intilishi komillik va yetuklik sari boshlab boradi” deya, yig‘ilganlarga fikrlarini ma’lum qildi. 
Davra suhbati davomida “Pedagogik texnologiya va pedagogik mahorat sirlari” mavzusi bo‘yicha ma’ruzachi A’zam Abdusalomovich Xoliqovning faoliyati, ijod yo‘li tanishtirib o‘tildi.
 
Bizga ma’lumki, har qanday murakkab zamonaviy axborot texnologiyalari, integratsiyalar, fan sohasidagi olamshumul yangiliklar avvalo o‘qituvchi tomonidan o‘zlashtirilib, so‘ngra uning bilimi, saviyasi, qobiliyati evaziga o‘quvchilar ongiga va tafakkuriga yetkaziladi. Yildan yilga o‘qituvchining kasbiy faoliyatiga nisbatan talablar kuchaymoqda. Bu hozirgi zamon talabi. Demak, o‘qituvchiga nisbatan qo‘llaniladigan “pedagogik mahorat” termini hech qachon eskirmaydi, balki tobora takomillashib, boyib va zamon talablariga mos o‘zgarib boraveradi. Zotan shunday ekan, bu sohadagi ilmiy tadqiqot ishlari ham aslo o‘z mavqeini yo‘qotmaydi. A’zam Abdusalomovichni ushbu teran fikrlar ilmiy yo‘nalishda yangi tadqiqotlar va izlanishlar qilishga chorladi. U doktorlik dissertatsiya mavzusini “Oliy ta’lim muassasalarida bo‘lajak o‘qituvchilarning pedagogik mahoratini rivojlantirish” deb nomlagan. 2018-yilda tanlangan ushbu mavzu bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. A’zam Xoliqovning “Pedagogik mahorat” nomli ilk darsligi aynan hozirgi zamon o‘qituvchilarining mavqei, kasbiy faoliyati sirlari, zamon talablari doirasida kasbiy faoliyatini rivojlantirish yo‘llari, vositalari, pedagogik takti, pedagogik nazokati, pedagogik texnikasi, notiqlik san’atini mukammal egallaganligi, yuksak irodasi, pedagogik-psixologik bilimlarni va o‘z fanini chuqur bilishi, tafakkurining boyligi, siyosiy savodxonligi, shakllari kabilarni o‘rgatadi. Ushbu darslik bir nechta tillarda tarjima qilingan.
Professor, pedagogika fanlari doktori, noyob iste’dod egasi A’zam Abdusalomovich Xoliqov endilikda muhtaram ustoz sifatida hurmat-e’tiborga loyiq. Hozirgi kungacha olimning yigirmaga yaqin darsligi va o‘quv qo‘llanmasi, 150 dan ortiq ilmiy maqolalari chop etilgan. Ilmiy rahbar sifatida 24 ta yosh olim uning rahbarligida falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga sazovor bo‘lishgan. Talabalar, magistrlar, tayanch mustaqil izlanuvchilar, doktorantlarning yaqin maslahatchisi – ustoz murabbiy sifatida hurmat qozonib kelmoqda. O‘z sohasining bilimdon vakili bo‘lib e’tirof etilgan olim A.A.Xoliqovning fidokorona mehnati munosib taqdirlangan. U O‘zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog‘iston avtonom Respublikasining “Xalq ta’limi” a’lochisi, “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishonlari va davlatimizning ko‘plab mukofotlari sovrindoridir.