Har bir xalqning tarixiga oid moddiy va ma’naviy yodgorliklar, ashyoviy dalillar, eksponatlar muzeylarda saqlanadi. Sayyohlar muzeylarga tashrif orqali shu yurt tarixi, xalqining urf-odat va an’analari bilan yaqindan tanishadi. Shu bois moziyni o‘rganishda muzeylar alohida ahamiyatga ega.
Aynan shu maqsadda Renessans ta’lim universiteti talabalari Toshkent shahri Ichki ishlar vazirligi hududida joylashgan “Ichki ishlar organlari tarixi” muzeyiga sayohat qilishdi. Muzey xodimlari talabalarni samimiy yuz bilan kutib olib, har bir eksponat tarixi bilan tanishtirdilar.
Ichki ishlar organlari tarixi muzeyi Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq 2018-yil avgust oyida Ichki ishlar vazirlik binosida ochilgan va yangi eksponatlar bilan jihozlangan. Muzey to‘rtta bo‘limdan iborat bo‘lib: «O‘zbekiston hududida xavfsizlik va ichki tartibni saqlovchi tuzilmalarning shakllanishi», «Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda ichki ishlar organlari tizimidagi islohotlar», «Vazirlik sohaviy xizmatlari faoliyati» va «Ichki ishlar organlari tizimida kadrlar tayyorlash, xodimlarning kasbiy va jangovar tayyorgarligi hamda ularning ijtimoiy muhofazasi» kabi yo‘nalishlarni qamrab olgan.
Muzey xodimlari yurtimizda faoliyat yuritgan organ xodimlari formalari, ular foydalanadigan qurol-aslahalar boshqichma bosqich takomillashib borilgan namunalari, aloqa texnika vositalarini namoyish etdi va tushuntirib berishdi. Muzey eksponatlarini talabalar o‘zgacha maroq bilan tomosha qilishdi va suratga olishdi.