Mahmudxoʻja Behbudiy: Turkiston jadidchilik harakatining yoʻlboshchisi, milliy maʼrifat rahnamosi

Mahmudxoʻja Behbudiy: Turkiston jadidchilik harakatining yoʻlboshchisi, milliy maʼrifat rahnamosi

Mahmudxoʻja Behbudiy tavalludining 149-yilligiga bag‘ishlanadi
 
Mahmudxoʻja Behbudiy 1875-yilning 19-yanvarida Samarqandda ruhoniy oilasida dunyoga kelgan. Ahmad Yassaviyning avlodidan hisoblanadi.
 
U dastlab Samarqand madrasasida, soʻngroq Buxoroda yaxshigina tahsil koʻrgan. Anʼanaviy tahsil, soʻng esa oʻz ustida qunt va sabot bilan ishlash orqali u 18 yoshida shariatning yuksak maqomlari – qozi, mufti darajasigacha koʻtariladi.
 
Behbudiy haj safarida bo‘lgan chog‘ida Arabiston, Misr, Turkiyani kezib chiqqan. Sayohat davomida yangi maktab (usuli jadid) ochish fikri mustahkamlanib boradi va Samarqand yaqinida yangi maktab ochadi. Behbudiy Qozon va Ufadagi yangi usul maktablari bilan tanishadi, tatar ziyolilari bilan aloqani yo‘lga qo‘yadi.
 
Yangi maktablar uchun darsliklar tuzishga kirishadi. «Risolai asbobi savod» («Savod chiqarish kitobi»), «Risolai jug‘rofiyai umroniy» («Aholi geografiyasiga kirish»), «Muntahabi jug‘rofiyai umumiy» («Qisqacha umumiy geografiya»), «Kitobat ul-atfol» («Bolalar xati»), «Amaliyoti islom», «Tarixi islom» kabi kitoblar chop ettiradi.
 
M.Behbudiy milliy til masalasiga katta eʼtibor qaratgan. Birgina uning “Oyna” jurnali maʼrifat va madaniyat tarqatishda juda katta xizmat qildi. Unda millat va uning haq-huquqiga, tarixiga, til-adabiyot masalalariga, dunyo ahvoliga doir qiziqarli maqolalar, bahslar berib borilgan. Ayniqsa, til masalalari muharrirning hamisha diqqat markazida boʻlgan. Behbudiy millatning taraqqiyoti uchun bir necha til bilishni shart hisoblardi. Masalan, jurnalning 1913-yil avgust, birinchi – nishona sonidayoq, “Ikki emas, toʻrt til lozim” degan maqola bilan chiqqan edi. Uning “Padarkush” dramasi ham o‘zbek adabiyotida ilk dramatik asar hisoblanib, o‘z davrining oynasi hisoblangan.
 
2024-yilda xalqimiz tarixining murakkab damlarida, maʼrifat mashʼalasini baland koʻtarib chiqqan ulugʻ alloma va jamoat arbobi Mahmudxoʻja Behbudiy tavalludining 149-yilligi keng nishonlanadi. Mutafakkirning ilmiy, ijodiy, pedagogik faoliyati va merosi alohida ahamiyatga molik. XX asr oʻzbek adabiyoti va sanʼatida, ijtimoiy-siyosiy jarayonlarida faol ishtirok etgan, millat maʼrifati, ozodligi, hurligi yoʻlida mardonavor kurashgan bu ulugʻ allomaning sermashaqqat va sermahsul faoliyati tarix sahifalaridan mangu oʻrin egalladi, avlodlar uchun ibrat maktabi boʻlib qoldi.
 
Zero, Mahmudxoʻja Behbudiy nomidagi stipendiyani tashkil etilishi ham yurtimiz yoshlari qalbida yuksak bilim va maʼrifatlik, vatanparvarlik tuygʻulari joʻsh urib turadi, faxr va iftixor tuyadi.