Korrupsiyaga qarshi kurashish – muhim vazifa

Korrupsiyaga qarshi kurashish – muhim vazifa

Keyingi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurash sohasida maqsadli siyosat olib borilib, ushbu sohada qonunchilik asoslarini takomillashtirish, davlat organ va tashkilotlarining xalq oldida hisobdorligini hamda ularning ochiqligi va shaffofligini ta’minlash borasida qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
 
Renessans ta’lim universiteti majlislar zalida о‘tkazilgan yig‘ilishda shu haqda alohida tо‘xtalib о‘tildi. Universitet rektori Nusratilla Rajabovich Barakayev “Korrupsiyaga qarshi kurashish – hayotimizni tartibga solishda muhim ahamiyat kasb etishi, ta’limda, oliy ta’lim muassasalarida korrupsion harakatlarni yuzaga kelayotgani” haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, “Har birimiz korrupsiyaga qarshi kurashish – o‘zimizning qat’iy vazifamiz deb qarasakkina, uni yo‘q qila olamiz. O‘qimagan, bilim olishga ishtiyoqi yo‘q talabaga baho qo‘yish, kelmagan talabani darsda bor deb belgilash ham aslida korrupsiyaning bir ko‘rinishi” – deya, ta’kidladi N.Barakayev.
Guruch kurmaksiz bо‘lmaganidek, ming afsuski, ta’lim sohasi vakillari о‘rtasida moddiy manfaatini kо‘zlab qonunbuzarlik holatlari sodir etayotganlar ham uchrab turgani achinarli holat ekanligi qayd etildi. 
 
Yig‘ilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ta’limda shaffoflikni ta’minlash uchun harakat qilinayotgan bo‘lsa-da korrupsion holatlar tugamayotgani haqida bildirgan fikrlari keltirib o‘tildi.
Shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy prinsiplari: qonuniylik, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi, ochiqlik va shaffoflik, tizimlilik, davlat va fuqarolik jamiyatining hamkorligi, korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar ustuvorligi, javobgarlikning muqarrarligi haqida tushuncha berib o‘tildi.
 
Yig‘ilishda ayni holat yuzasidan ham fikr-mulohazalar bildirilib, ta’lim sohasi vakillari orasida uchrayotgan salbiy holatlardan tо‘g‘ri xulosa chiqarish hamda korrupsiya va ta’magirlik kabi illatlarning oldini olish borasida zarur maslahat va tavsiyalar berildi.