Joriy yilning 12-noyabr kuni Renessans ta’lim universitetida “Kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish va talaba-yoshlarda kibermadaniyatni shakllantirish” mavzusida mazmunli uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Аxborot-texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari ishtirok etishdi.
Tadbirni universitetning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Akbar Eshmurodov ochib berdi. U bugungi kunda O‘zbekistonda axborotni erkin izlash va olish huquqi, shuningdek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining keng qo‘llanilishiga katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Uchrashuvda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Аxborot-texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi inspektori, katta leytenant Shahzod Islomov talabalarga zamonaviy kiberxavfsizlik qoidalarini tushuntirib, hozirgi kunda uchrayotgan kibertahdidlar haqida ma’lumot berdi. Uning ta’kidlashicha, internetdagi jinoyatlar nafaqat texnik bilimlarni, balki kibermadaniyatni shakllantirish zarurligini ham ko‘rsatmoqda.
Shahzod Islomov o‘z ma’ruzasi davomida talabalarga Internetda xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha muhim maslahatlar berdi. Xususan, shaxsiy ma’lumotlarni himoyalash, kuchli parollar yaratish, noma’lum havolalarga e’tibor berish kabi amaliy tavsiyalar bilan o‘rtoqlashdi.
Tadbir so‘ngida talabalarning qiziqtirgan savollariga soha mutaxassislari batafsil javob berib, ular bilan fikr almashdilar. Mazkur uchrashuv talabalar uchun nafaqat kiberxavfsizlik asoslarini o‘rganishga, balki zamonaviy kibermadaniyatni shakllantirishda muhim qadam bo‘ldi.
Bu kabi tadbirlar yoshlarning Internet va texnologiyalar olamida bilimli va hushyor bo‘lishlariga xizmat qiladi. Renessans ta’lim universiteti tomonidan kiberjinoyatchilikka qarshi kurash va kibermadaniyatni rivojlantirish yo‘lidagi sa’y-harakatlar keljakda, albatta, o‘z natijasini beradi.