Kecha xabar berganimizdek, universitetimiz professor-o‘qituvchilari ayni paytda Finlandiyada “Ta’lim tizimi menejmenti” bo‘yicha qo‘shma malaka oshirish kursida ishtirok etmoqda.
Dastur doirasida bugun turli ma’ruzalar, amaliy mashg‘ulotlar va muhokamalar bo‘lib o‘tdi. Jarayon bilim almashinuvi, interaktiv mashg‘ulotlar va savol-javob tarzida kechdi. Kurs tinglovchilari nafaqat nazariy bilim olmoqda, balki amaliy ko‘nikmalarni ham shakllantirmoqda.
Ana shunday darslardan biri “Oliy ta’limda innovatsiya, kompetensiya va professionalizm” mavzusida bo‘lib o‘tdi. Darsni professor Kaukua olib bordi va u intervyu shaklida tashkil etildi.
Shuningdek, Finlandiyaning Kortepohja maktabi va maktabgacha ta'lim muassasasiga uyushtirilgan tashrif davomida ta’lim jarayonlari va boshqaruv tizimi o‘rganildi. Maktabning tashkiliy ishlari, dars jarayonlari hamda fin ta’lim tizimidagi innovatsion yondashuvlar, jumladan, professionallik va raqamlashtirish jarayonlari bilan tanishildi.
Mashg‘ulotlardan asosiy maqsad – ishtirokchilarning kasbiy malakasini oshirish, ularning zamonaviy tendensiyalar bilan tanishishiga ko‘maklashishdan iborat.
Malaka oshirish jarayoni davom etmoqda.