Amir Temur XXI asr nigohida: yoshlar bilan samimiy uchrashuv

Amir Temur XXI asr nigohida: yoshlar bilan samimiy uchrashuv

Renessans ta’lim universitetida tarixiy shaxsiyatni zamonaviy ko‘z bilan anglashga bag‘ishlangan suhbat bo‘lib o‘tdi. “Amir Temur XXI asr qiyofasida” deb nomlangan uchrashuvda mehmon sifatida temurshunos yozuvchi va publisist, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Hakim Sattoriy ishtirok etdi.
Tadbirni universitet rektori, texnika fanlari doktori, professor Nusratilla Barakayev ochib berdi. 
 
Ustoz Sattoriy Sohibqironning nafaqat O‘rta Osiyo, balki butun insoniyat tarixidagi o‘rni haqida jonli va hayotiy misollar bilan so‘z yuritdi. Temurning ilm-fan, madaniyat, adolatli boshqaruv hamda o‘zbek xalqining jipslashuvida tutgan o‘rni xususida talabalarga qiziqarli faktlar aytib o‘tdi. Bugungi kunda Amir Temur siymosini yoshlarga yetkazish, uning tamoyillarini hayotga tatbiq etish bo‘yicha yurtimizda amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham atroflicha so‘z bordi.
Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar. Suhbat samimiy ruhda, ochiq muloqot shaklida o‘tdi. Har bir savolga javobda tarixiy haqiqat bilan zamonaviylik uyg‘unlashib ketdi.
 
Uchrashuv yakunida universitet rahbariyati tomonidan mehmonga esdalik sovg‘alari topshirildi. Bu kabi uchrashuvlar yoshlarning tarixga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularda milliy g‘urur va o‘zlikni anglash tuyg‘usini shakllantirishda muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.