O’zbek adabiyotining yirik vakili Abdulla Qodiriy (Julqunboy)- yozuvchi, shoir, tarjimon, dramaturg, XX asr o’zbek adabiyotining ulkan namoyondalaridan biri, o’zbek romanchiligi asoschisidir. Vatanparvar adib Abdulla Qodiriy xotirasiga ehtirom ko‘rsatish, milliy adabiyot rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasini ulug‘lash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2019-yilda muzeyining rasmiy ochilishi o‘tkazilib, Abdulla Qodiriy memorial muzeyi barpo etilgan. Ushbu madaniyat o‘chog‘i bilan yaqindan tanishish maqsadida Renessans taʼlim universitetining Iqtisodiyot kafedrasi professor-o‘qituvchilari va talabalari yig‘ilishib, ushbu joyga tashrif buyurishdi.
Muzeyga kiraverishda Abdulla Qodiriyning hikmatli so‘zlari oynali devorga bitilgan, shuningdek, buyuk yozuvchining surati devorda proyektor orqali tasvirlangan. Shuni alohida taʼkidlab o‘tish joizki, muzey ekspozitsiyalari eng so‘ngi, zamonaviy innovatsion texnologiyalar yutuqlari asosida ko‘rsatilganligi muzeyni ajratib turadi. Anʼanaviy suratlar bilan bir qatorda, bu yerda devorga proyektor orqali tasviri tushirilgan rasmlarni ham ko‘rish mumkin. Muzeydagi barcha maʼlumotlar o‘zbek va ingliz tillarida berilgan. Bu materiallar filologiya fanlari doktori, professor, taniqli qodiriyshunos olim Bahodir Karim tomonidan tayyorlangan, o‘z navbatida ingliz tilida esa buyuk adibning chevarasi, Habibulla Qodiriy nabirasi, Mahzuna Qodiriy tomonidan amalga oshirilgan.
Muzeyda taqdim etilgan ekspozitsiyalarni 3ta tematik bloklarga (zallarga) ajratish mumkin: Abdulla Qodiriy hayoti, Abdulla Qodiriy qatag‘on va mustaqillik yillarida, Abdulla Qodiriy ijodiga bag‘ishlangan zallar.
O‘zbek adabiyoti tarixida zalvorli iz qoldirgan yozuvchining muzeyiga tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad – talabalarni buyuk shaxsning hayot yo‘li bilan yaqindan tanishtirish va ularda vatanparvarlik tuygularini yanada yuksaltirishdan iboratdir. O‘qituvchilar va talabalar u maskandan ulkan taassurotlar bilan qaytishdi.