Renessans taʼlim universiteti «Iqtisodiyot» kafedrasi professor - o‘qituvchilari hamda talabalari bilan birgalikda “9-may - Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan “Tarixiy xotirasiz kelajak yo‘q” mavzusida “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyiga tashrifni amalga oshirishdi.
Xotirlash bu har bir insonning yaqinlarini qadrlash, bu olamdan o‘tib ketgan insonlarni eslash va ularning xaqqiga duo qilishdir. Davlatiniz rahbari aytganlaridek:, “Biz ulardan ruh va kuch olib, Vatan himoyachilari, tinchlik posbonlari, yangi O‘zbekiston bunyodkorlari bo‘lishdek yuksak burchimizni, albatta, sharaf bilan ado etamiz”. Xalqimizda “Qadr etgan qadr topadi”, degan naql bor. Haqiqatdan ham, inson o‘zgalarga samimiyatda bo‘lib, hurmat-ehtirom ko‘rsatsa, o‘zi ham atrofdagilarning shunday munosabatiga sazovor bo‘ladi. Vatan ravnaqi, xalq osoyishtaligi uchun xizmat qilgan el fidoyilari esa ezgu amallari sabab umrbod kishilar yodidan o‘chmaydi. Nomlari hamisha e’zoz bilan tilga olinib, xotiralari mangulikka muhrlanadi.
Ulug‘ Vatan urushi davrida O‘zbekistonda yashagan 6,5 million aholining 1,5 millioni frontga ketgan, ulardan 420 mingi qaytib kelmagan, 640 ming nafari yaralangan. 120 ming o‘zbekistonlik orden va medallar bilan taqdirlangan. Jumladan, 338 nafar o‘zbekistonlik Sovet Ittifoqi qahramoni unvoniga sazovor bo‘lgan. Urush yillarida O‘zbekiston xavfli hududlardan evakuatsiya qilingan 1,5 million kishi uchun boshpana bo‘lgan. BIA 72-23 guruh murabbiyi I.Urmanbekova va IQ 62-23 guruhi murabbiyi O.Bozorova talabalarga muzey haqida quyidagilarni so‘zladi:
“Qatag‘on qurbonlari xotirasi” noyob muzeyi 2002-yil noyabr oyida xalqni ozodlikka da’vat etgan, Vatan ozodligi va mustaqilligi uchun kurashda qahramonlik ko‘rsatgan, totalitar tuzum davrida ommaviy siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan, ajdodlar haqida so‘zlab berish maqsadida tashkil etilgan.“Shahidlar xotirasi” jamgʻarmasi maʼlumotlariga koʻra, 1937-yil sentabrida hozirgi Oʻzbekiston hududida 10700 kishi hibsga olinib, sudlangan. 13 dan 28-noyabrgacha bo‘lgan davrda 1611 kishi sudlangan bo‘lsa, 1937-yil dekabrda mahkumlar soni 3610 kishini tashkil etdi. Qurbonlar orasida Abdulla Qodiriy, Fitrat, Cho‘lpon kabi taniqli arboblar, olim va adiblar bor edi.
Muzey ekspozitsiyasi 10 ta bo‘limni o‘z ichiga oladi:
1) O‘rta Osiyo (Turkiston)ning chor Rossiyasi tomonidan mustamlaka qilinishi va mahalliy aholining kurashi.
2) Milliy tiklanish harakati, uning ko‘rinishlari va amaliy yo‘nalishlari. O‘zbekistonda jadidchilik harakati.
3) Turkiston Muxtoriyatining tugatilishi va Sovet davlatining repressiv siyosatining boshlanishi (1917-1924)
4) Oʻrta Osiyodagi zulm va zoʻravonlikka, qurolli qoʻzgʻolonlarga qarshilik koʻrsatish harakati (1918-1924).
5) Sovet hukumatini “Kollektivlashtirish” va “quloqlashtirish” siyosati, uning fojiali oqibatlari (1930-1936).
6) 30-yillar boshidagi siyosiy repressiyalar (1929-1936).
7) 1937-1938 yillardagi siyosiy qatag‘onlar.
8) 1940-1950 yillardagi siyosiy repressiyalar.
9) 1980-yillardagi repressiya: “Paxta ishi” kampaniyasi.
10) Tarixiy adolatni tiklash, qatag‘on qurbonlari xotirasini abadiylashtirish, mustaqillik yillarida milliy qadriyatlarni asrab-avaylash va rivojlantirishga qaratilgan muhim tarixiy voqealar (1991 yildan)