1-oktyabr – “Ustoz va murabbiylar kuni” munosabati bilan tantanali tadbir o‘tkazildi

1-oktyabr – “Ustoz va murabbiylar kuni” munosabati bilan tantanali tadbir o‘tkazildi

Renessans ta’lim universiteti tomonidan O‘zbek milliy akademik drama teatrida 1-oktyabr – “Ustoz va murabbiylar kuni” munosabati bilan tadbir tashkil qilindi.
Tadbirni boshlovchi ustozlarga bag‘ishlangan she’r va tabrik bilan boshladi. Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi madhiyasi yangradi. Boshlovchi nutqi davomida 1-oktyabrda o‘tkaziladigan ustozlar bayramining tarixi hamda hozirgi kunda universitetda xizmat ko‘rsatayotgan professor-o‘qituvchilarni alohida qutlab, e’tirof etib o‘tdi.
Bayram tantanasini ochib berish va tabrik uchun so‘z Renessans ta’lim universiteti rektori, texnika fanlari doktori, professor Nusratilla Rajabovich Barakayevga berildi.
Jarayon davomida qo‘shaloq bayram sifatida – davlatimiz rahbari Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tashabbuslari, takliflari asosida talabalarni kitob mutolaasiga jalb etish, badiiy savodxonlik darajasini oshirish orqali ularni vatanparvarlik va yurtimiz kelajagiga daxldorlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan “Ma’rifat ulashib” loyihasi amalga oshirildi. Unga mehmon sifatida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, taniqli adiblar Doniyor Begimqulov hamda Mengnor Ollomurod ishtirok etishdi. Ular talabalar bilan suhbatlashishdi va o‘z ijod namunalaridagi she’rlar bilan o‘tirganlarni bahramand qilishdi.
 
Atmosferani yanada qizdirish va kayfiyatni ko‘tarish maqsadida “Ustozlar” ashulasi Renessans ta’lim universiteti 2-kurs 23-23-guruh talabasi Sabina Jalilova tomonidan kuylandi.
Shundan so‘ng, talabalarga tantanali qasamyod qilish uchun navbat berildi. Qasamyoddan keyin ularga Rektor Nusratilla Rajabovich Barakayev tomonidan talabalik guvohnomasi topshirildi.
 
Bayram tugagandan so‘ng, tomoshabinlarga “Usmon Nosir” spektakli namoyish etildi.