Renessans ta’lim universiteti rektorining Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bayram tabrigi

Renessans ta’lim universiteti rektorining Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bayram tabrigi

Assalomu alaykum, hayotimiz quvonchi, fayz-u farishtasi bo‘lgan muhtarama onaxonlar, hurmatli opa-singillar, dilbar qizlar!
 
Bugun siz, azizlarni keng miqyosda nishonlanib kelinayotgan 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan samimiy qutlab, Sizlarga sihat-salomatlik, oilalaringizda to‘kin-sochinlik, baxt-saodat, shod-u xurramlik, sharafli ishlaringizda yangidan yangi zafarlar tilayman.
 
Qadrli hamkasblar, aziz talabalar!
 
Ushbu shukuhli ayyomda hammamiz bizni dunyoga keltirgan, oq sut, mehr va tarbiya berib voyaga yetkazgan, kelajagimizni buyuk bo‘lishi uchun duo qilgan onamizga ta’zim qilamiz. Zero, inson qadrini ulug‘lash, avvalo, aziz-u mukarrama onalarimiz, ayollarimizni ulug‘lashdan boshlanadi.
 
Shu ma’noda, Alisher Navoiy bobomizning “Jannat bog‘idan bahramandlik istar ekansan, avvalo, munis onani rozi aylagin”, - degan so‘zlarini yodga olamiz. 
 
Biz hayotimizning ma’no-mazmuni onamizdan, qadrli opa-singillarimizdan ayri holda tasavvur etolmaymiz. Sizlar biz uchun hamisha go‘zallik va nazokat, mehr va sadoqat, qanoat va shukronalik timsolisizlar. Mana shunday oliyjanob fazilatlaringiz bilan bizlarga hamma vaqt kuch-g‘ayrat, hayotga, kelajakka ishonch bag‘ishlab kelayotganingiz uchun siz, azizlarga har qancha ta’zim qilsak, arziydi.
 
Respublikamizda ayollar o‘rtasida ilmga, bilimga bo‘lgan intilish tubdan o‘zgardi. Oilamizning tarbiyachilari bo‘lmish qizlarimizning oliy ta’lim olishi, zamonaviy kasb-hunar va texnologiyalarni hamda xorijiy tillarni egallashiga qat’iy intilishi kelajagimizning buyukligidan dalolat bermoqda.
 
Hozirgi kunda oliygohlarda ta’lim olayotgan talabaning yarmidan ko‘pi, ya’ni 52% qizlarni tashkil etmoqda. Magistraturada o‘qiyotgan yoshlarimiz orasida qizlarning ulushi 60 foizdan ortgani quvonarli hol.
 
Universitetimizda pedagogik, ilm-fan va ta’lim tarbiya tizimini yanada takomillashtirishda, jahon standartlariga moslashtirishda xotin-qizlarimizning o‘rni beqiyosdir. Bu yo‘nalishdagi faoliyatimizda universitet jamoasining 57%ni xotin-qizlar tashkil etmoqda. 
 
Universitetda faoliyat ko‘rsatayotgan qizlarimiz, opa-singillarimizning intellektual salohiyati juda ham yuqori, agar ularga tegishli sharoit va imkoniyat yaratib bersak, ular har qanday yuksak marrani zabt etishga qodirligini ko‘rsatmoqda. Buning amaliy ifodasi sifatida so‘nggi ikki yilda 21 nafar ayollarimiz o‘z sohalari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini hamda professor, dotsent ilmiy unvonlarini olishganini e’tirof etish mumkin. 
 
Albatta, oila yumushlari, farzand tarbiyasi bilan birga, universitetimizda fidokorona xizmat qilayotgan opa-singillarimizning mehnatini munosib qadrlashga alohida e’tibor qaratmoqdamiz. 
 
Xotin-qizlarimizning o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishlari uchun ayollarimizni, xususan, qiz bolani o‘qib, oliy ma’lumotli bo‘lishi, kasb-hunar egallashi oila baxti, farzandlar kamoli, jamiyat ravnaqidir.
 
O‘g‘il-qizlarimizni jismoniy va ma’naviy barkamol etib tarbiyalash, ularni milliy g‘urur, Vatanga muhabbat, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida voyaga yetkazish ayollarimizning asosiy burchiga aylangan.
 
Hadisi sharifda takidlanganidek, “Ota-ona o‘z farzandiga yaxshi tarbiya va ilmdan boshqa meros qoldirolmaydi”.
 
Aziz va munis onaxonlar, dilbar opa-singillar, go‘zal qizlar! Barchangizga nafis bahor muhabbati, go‘zallik latofati va mehr ramzi bo‘lgan 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami muborak bo‘lsin!
 
Ayollik baxti, bekalik taxti, onalik martabasi Sizlarga hamisha hamroh bo‘lsin!