19-fevral kuni Renessans ta'lim universitetining Ijtimoiy-siyosiy fanlar yo‘nalishi talabalari guruh murabbiyi M. Ulug‘ova bilan birga Toshkentning tarixiy maskanlaridan biri – "Baroqxon madrasasi"ga tashrif buyurishdi.
Ushbu sayohatning asosiy maqsadi – talabalarni o‘z yurtimizdagi boy madaniy meros bilan yaqindan tanishtirish, tarixiy obidalar haqida amaliy tushunchalar berish edi.
Madrasaga kirib borgan zahoti talabalar uning betakror arxitekturasi, naqshinkor bezaklari va ko‘hna devorlar ortidagi tarix bilan tanishishdi. Ular madrasaning tarixi, kim tomonidan va qachon qurilgani, qanday maqsadda xizmat qilgani haqida qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.
Sayohat davomida talabalar nafaqat o‘rganishdi, balki tarixiy muhitni his qilishdi. O‘zbek me’morchiligidagi noyob san’at namunalarini ko‘zdan kechirib, tarixiy yodgorliklarni asrab-avaylash muhimligi haqida mulohaza yuritishdi.
Bunday amaliy sayohatlar yoshlarning bilim doirasini kengaytirish, tarixiy merosga bo‘lgan qiziqishini oshirish va milliy qadriyatlarga hurmat hissini shakllantirishda katta ahamiyat kasb etadi.