Ilmiy maktab rahbarining tajribasi, yutuqlari
Xursanov Nurislom Iskandarovich 2022-yil 29-oktabrda Andijon davlat universiteti huzuridagi ilmiy daraja beruvchi PhD.03/30.12.2019.Fil.60.02 raqamli ilmiy kengashda 10.00.06 — Qiyosiy adabiyotshunoslik, chogʻishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik ixtisosligi boʻyicha “Dramatik diskursda verbal va noverbal komponentlar munosabati (oʻzbek va ingliz tillaridagi asarlar misolida)” mavzusida filologiya fanlar boʻyicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi olish uchun yozilgan dissertatsiyanini muvaffaqiyatli himoya qilgan.
2024-yil 28-avgustda Renessans taʼlim universiteti Kengashi tavsiyasiga koʻra OAK tomonidan dotsent ilmiy unvoni berilgan.
N.Xursanov oʻz ilmiy izlanishlarini davom ettirgan holda bir qator yutuqlarga erishib kelmoqda. Jumladan, 2024-yil 28-dekabrda Fargʻona davlat universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.03/30.12.2019.Fil.05.02 raqamli Ilmiy Kengashda 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chogʻishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik ixtisosligi boʻyicha filologiya fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasi olish uchun yozilgan “Dramatik diskurs: kognitiv, pragmatik, lingvokulturologik tavsif (ingliz va oʻzbek tillari chogʻishtiruvida)” mavzusidagi dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan.
Shuning bilan birga, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida 2021/2023-yillarda bajarilgan I-OT-2019-42 raqamli “Oʻzbek adabiyotining koʻp tilli (oʻzbek, rus, ingliz tillarida) elektron platformasini yaratish” mavzusidagi amaliy loyihasida hamda 2020-2022-yillarga moʻljallangan № AM-FZ-201908172 raqamli “Oʻzbek tilining taʼlimiy korpusini yaratish” amaliy loyihalarda faol qatnashgan.
N.Xursanov muallifligida 1 ta ilmiy monogarfiya, 5 ta oʻquv-uslubiy qoʻllanma, 3 ta Scopus maʼlumotlar bazasining birinchi kvartiliga (Q1) kiruvchi jurnallarda ilmiy maqola, mahalliy va xorijiy jurnallarda 50 dan ortiq ilmiy maqolalar eʼlon qilingan.
Soha muammolariga qaratilgan ilmiy-tadqiqot mavzusi
Dramatik diskursda verbal va noverbal komponentlar munosabati oʻzbek va ingliz tillaridagi asarlar misolida oʻrganilishi tilshunoslik muammolariga qaratilgan tadqiqotdir. Ushbu tadqiqotlar, antroposentrik yondashuv orqali insonlarning muloqot jarayonida hissiyotlarini aniqlash va kognitiv tilshunoslik nazariyalari yordamida verbal va noverbal elementlarning rolini tahlil qilishga qaratilgan. Taʼlimiy diskursda dialogik muloqotning kognitiv aspekti oʻquvchilarning muloqotdagi faoliyatini va ongida qabul qilish jarayonini oʻrganadi. Ingliz va oʻzbek dramatik diskursida dialogik muloqotning pragmatik xususiyatlari kognitiv nazariyalar kontekstida tahlil qilinadi. Paremiologik birliklarning sotsiopragmatik va kognitiv jihatlari milliy madaniyatdagi til birliklarining ahamiyatini aniqlaydi. Nofilologik OTM talabalarining chet tilidagi gapirish koʻnikmalarini rivojlantirishda antroposentrik yondashuvlar qoʻllaniladi. Akademik nutqning sotsiopragmatik tadqiqi, nutq hodisalarida inson tasavvuri va bilimini aniqlashga qaratilgan. Media diskursidagi paremiologik birliklarning pragmatik aspektlari tilshunoslik muammolarini tahlil qilishga xizmat qiladi. Ushbu mavzular tilshunoslik sohasi muammolarini oʻrganishga qaratilgan va tadqiqot metodologiyalarini ishlab chiqishga imkon beradi.
Ilmiy maktabning tadqiqot mavzusi, Ilmiy xodimlari, hamkorlik aloqalari
N.Xursanov, filologiya fanlari doktori (DSc), professor Laylo Raupova rahbarligida olib borgan ilmiy tadqiqotlarini davom ettirib, o'z ilmiy maktabining poydevorini qurishga ulgurgan. Xususan, uning rahbarligida 10 ga yaqin mustaqil tadqiqotchi hamda doktorantlar oʻz sohalari boʻyicha ilmiy izlanishlar olib borishmoqda. Jumaldan, D.Sh.Raxmonova, N.B.Xoliqova, M.Abdiyev, X.Tangirov, M.U.Bozorova, D.P.Usnaddinova, A.M.Xayratdinovalar tilshunoslikning dolzarb muammolari boʻyicha tanlagan mavzular bo‘yicha ilmiy va amaliy natijalarga erishib kelmoqdalar
Ilmiy maktab faoliyati va natijadorligi
Olib borilayotgan tadqiqot natijalari davomida dramatik diskursdagi verbal va noverbal komponentlarning oʻzaro aloqalari aniqlanadi, muloqot jarayonida inson hissiyotlari va oʻzaro munosabatlarning ahamiyati ochib beriladi, verbal va noverbal elementlarning spektakl va kino diskursidagi taʼsiri tahlil etiladi, dramatik diskursning kognitiv, pragmatik va lingvokulturologik tavsifi yordamida oʻzbek va ingliz tillari oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar tushuntiriladi, taʼlimiy diskursda dialogik muloqotning kognitiv aspektlari orqali oʻquvchilarning faoliyati yoritiladi. Shuningdek, ingliz va oʻzbek dramatik diskursida pragmatik xususiyatlar aniqlanib, milliy madaniyatdagi paremiologik birliklarning sotsiopragmatik va kognitiv xususiyatlari ochib beriladi, chet tilida gapirish koʻnikmalarini rivojlantirishda yangi metodlar ishlab chiqiladi, akademik nutqning sotsiopragmatik tahlili orqali inson tasavvuri belgilanishi aniqlanadi va media diskursidagi paremiologik birliklarning pragmatik aspektlari tahlil qilinadi. Ushbu natijalar tilshunoslikning zamonaviy muammolarini chuqur oʻrganishga va aniq metodologiyalarni ishlab chiqishga xizmat qiladi.
Xalqaro hamkorlik
Xalqaro hamkorlik doirasida Turkiya, Xitoy va Qozgʻiston respublikalarining bir necha yetakchi oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorliklar yoʻlgan qoʻyilgan. Jumladan, Karabuk universiteti, Shinjon universiteti, Al-Farobiy nomidagi Qozogʻiston milliy universiteti hamda Ahmat Yassaviy universitetlari bilan oʻquv va ilmiy sohada hamkorliklar qilib kelinmoqda.
TIQXMMI Milliy tadqiqot universiteti Xalqaro konferensiya