Xurshid Choriyev sportning kurash turi bilan 13 yildan buyon muntazam shug‘ullanib kelmoqda. Shu vaqt mobaynida u o‘zining fidoyiligi, intiluvchanligi va yuksak maqsadlari bilan sport sohasida katta yutuqlarga erishdi.
U milliy kurash bo‘yicha Osiyo chempionatida 1-o‘rin sohibi, O‘zbekiston chempioni hamda ko‘plab xalqaro turnirlar g‘olibi hisoblanadi. Shuningdek, universal jang turi bo‘yicha O‘zbekiston chempionatida faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan. Dzyudo yo‘nalishida esa o‘smirlar o‘rtasida O‘zbekiston chempioni bo‘lgan.
Sportdagi yutuqlari bilan birga, Xurshid Choriyev o‘qishga ham jiddiy e’tibor qaratadi. U o‘zining kelajagini puxta rejalashtirgan holda ko‘plab oliy ta’lim muassasalari orasidan Renessans ta’lim universitetini tanladi.
“Renessans ta’lim universitetida ta’lim olish uchun barcha sharoitlar yaratilganini ko‘rib, aynan shu dargohni tanladim. Ayniqsa, sportchilar uchun yaratilgan keng imkoniyatlar va imtiyozlar menga katta turtki bo‘ldi. Universitet menga 100 foizlik grant taqdim etdi. Bu ishonchni oqlash uchun yanada ko‘proq harakat qilaman. Kelgusida yurtimiz bayrog‘ini xalqaro musobaqalarda yanada baland ko‘tarishga intilaman,” – deydi Xurshid Choriyev.
Renessans ta’lim universiteti jamoasi Xurshid Choriyevga ta’lim va sport yo‘lida ulkan muvaffaqiyatlar tilaydi. Biz bu kabi iqtidorli yoshlar bilan faxrlanamiz!