Renessans ta’lim universitetida yangi 2024/2025-o‘quv yili tantanali tarzda boshlandi

Renessans ta’lim universitetida yangi 2024/2025-o‘quv yili tantanali tarzda boshlandi

O‘zgacha shukuh va tarovat bilan boshlangan ochilish marosimi barchaga a’lo kayfiyat bag‘ishlash bilan birga, yangi o‘quv yili oldida turgan talabalarni ruhlantirdi. Bayram o‘quv binosi hovlisida tashkil etildi va tomoshagohda talabalar hamda ularning ota-onalari uchun joy ajratildi.
Tadbir boshida boshlovchi tomonidan yangi o‘quv yiliga qadam qo‘ygan talabalarga tabrik so‘zlari aytildi va shu bilan birga, Renessans ta’lim universiteti faxriy talabalarining sport va fan olimpiadalarida erishgan yutuqlari tilga olindi.
Talabalarni yangi o‘quv yili boshlanganligi bilan muborakbod etish uchun birinchi so‘z navbati RTU rektori Nusratilla Rajabovich Barakayevga berildi.
 
Shundan soʻng, Marokashdan tashrif buyurgan professorlar: Bekkali Mohammed hamda Habib Attarhlibi ham talabalar uchun yorqin nutq so‘zladi.
Ayniqsa, universitet Xalqaro bo‘limida faoliyat olib boruvchi va xitoy tili o‘qituvchisi bo‘lgan, asli xitoylik Ma Cuilingning o‘zbek tilidagi nutqi barchani lol qoldirdi.
Bayramning asosiy qismida oʻtgan oʻquv yilini aʼlo baholarga tamomlagan hamda maʼnaviy-maʼrifiy ishlarda faol boʻlgan 20 nafar talabaga bir yillik kontrakt pulini toʻlashdan ozod qilish uchun 100% lik grant berish marosimi o‘tkazildi.
 
Jarayon davomida barchaga yuqori kayfiyat ulashish maqsadida yulduzli xonandalar ishtirokida “Shou konsert” dasturi namoyish etildi va shu bilan birga tadbir yuqori atmosferada yakunlandi.

Shu kunning oʻzida kunduzgi taʼlim shaklida 1-kursga qabul qilingan talabalar uchun “Birinchi kurs maktabi” tadbirlari tashkil etildi.  Qolgan kurslarda oʻquv jarayoni boshlandi.“Birinchi kurs maktabi” tadbirlarida universitet professor-oʻqituvchilari tomonidan “Najot-taʼlimda, najot-tarbiyada, najot-bilimda” shiori ostida “Mustaqillik darslari” tashkil etildi. Shuningdek, universitet faoliyati, kredit-modul tizimi va odob-axloq qoidalari toʻgʻrisida ham maʼlumotlar berildi.

 
Dars mashg‘ulotlari zamonaviy, keng va shinam auditoriyalarda olib borildi.