Ayni payda Renessans ta’lim universitetida bahorning eng go‘zal bayrami – Navro‘z sayli bo‘lib o‘tmoqda! Tong sahardan atrofni bayramona kayfiyat chulg‘adi.
Barchaning yuzida tabassum, qalbida shodlik – tabiat uyg‘onishi bilan birga, hammada yangilanish hissi sezilmoqda.
Har kim ezgu tilaklarini bildirib, tuni bilan sumalak kovladi. Tong saharlab tayyor boʼlgan, bayramning ajralmas ramzi – sumalak iliq samimiyat bilan barchaga tarqatildi.
Shu bilan birga, qizg‘in sport musobaqalari ham bo‘lib o‘tmoqda. Kimdir arqon tortmoqda, kimdir tosh ko‘tarishda kuch sinashmoqda, yana kimdir shaxmat-shashka va stol tennisi o‘yinlarida mahoratini namoyish qilmoqda. Eng hayajonlisi – kurash maydoni bo‘lib, haqiqiy polvonlar bellashuvi qizg‘in davom etmoqda!
Bayramga xushovoz xonandalar jo‘shqin kuy-qo‘shiqlari bilan fayz bag‘ishlayapti. Ko‘ngilochar dasturlar barchani xushnud etib, bayram shodiyonasini yanada oshirmoqda.
Tez orada Navro‘z saylidan eng yorqin lavhalarni sizga yetkazamiz!Barchangizga bayram muborak bo‘lsin!🌿