Renessans ta’lim universitetida ilm-fanga oid yangicha g‘oyalar muhokama qilindi

Renessans ta’lim universitetida ilm-fanga oid yangicha g‘oyalar muhokama qilindi

Renessans ta’lim universitetida ilmiy izlanishlar va innovatsion loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ochiq suhbat tashkil etildi. Uchrashuv “Ilmiy faoliyatga oid davlat ilmiy dasturlarini shakllantirish va fundamental, amaliy hamda innovatsion loyihalarni bajarish” mavzusiga bag‘ishlandi. 
Tadbirda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi  Davlat ilmiy dasturlarini shakllantirish va monitoring qilish boshqarmasi bosh mutaxassisi Choriqulov Bobirjon Odiljonovich ishtirok etdi.
Uchrashuvni universitet rektori, texnika fanlari doktori, professor Nusratilla Barakayev ochib berdi. U o‘z so‘zida ilmiy izlanishlar, ayniqsa, yosh olimlar uchun qanday imkoniyatlar eshigi ochilayotgani haqida so‘z yuritdi. “Bugun har bir tadqiqot – kelajakka tashlangan muhim qadam. Bu yo‘lda biz barcha talabalar va tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz”, – dedi rektor.
Suhbat davomida davlat ilmiy dasturlarida qatnashish tartibi, amaliy loyihalarni qanday himoya qilish, innovatsion g‘oyalarga grant yutib olish yo‘llari haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.
Bunday uchrashuvlar ilmiy fikr almashish, real tajribalarni eshitish va yangi imkoniyatlarni kashf qilish uchun ayni muddao bo‘ldi. Eng asosiysi, yosh tadqiqotchilar o‘zlarini qanday yo‘nalishda rivojlantirish kerakligi borasida aniq tasavvurga ega bo‘ldi.