Bugun “Podcast” loyihasi doirasida o'ziga xos uchrashuv tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati a’zosi, Tarix instituti direktori, akademik Azamat Ziyo ishtirok etdi.
Universitet rektori Nusratilla Barakayev tadbirni ochib, uchrashuvning amaliy ahamiyati xususida so'z yuritdi.
“Mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash va Yangi O‘zbekistonning ijtimoiy-siyosiy islohotlari” mavzusida tashkil etilgan uchrashuv yangi fikrlar, chuqur tahlillarga boy bo‘ldi.
Uchrashuv nafaqat talabalar, balki keng jamoatchilik e’tiborini tortuvchi mazmunda o‘tdi. Azamat Ziyo o‘z nutqida mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlarimiz, Yangi O‘zbekistonning kelajak strategiyasi, ijtimoiy va siyosiy islohotlarning ahamiyati haqida chuqur tahliliy fikrlar bildirdi.
"Yangi O'zbekistonning asosiy islohotlaridan biri, bu majburiy mehnatning bekor qilinganligidir. Shu bilan birga, nodavlat oliy ta'lim muassasalarining ochilayotgani ta'lim tizimidagi o'ziga xos o'garishlardan biri bo'ldi", - deya ta'kidadi Azamat Ziyo.
Shuningdek, talabalarning dolzarb savollariga ochiq va samimiy javob berdi. Savollar asosan yangi islohotlarning yosh avlodga ta’siri, ta’lim tizimidagi o‘zgarishlar hamda yoshlarga qo‘yilayotgan talablar bilan bog‘liq bo‘ldi.
Suhbat davomida talabalarning faol ishtiroki alohida ajralib turdi. Ular nafaqat tinglovchi sifatida, balki islohotlarning bevosita ijrochisi sifatida o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi. Bu esa ular uchun nafaqat bilim olish, balki kelajak rejalari uchun yangi motivatsiya bo‘ldi. Yakunda universitet rahbariyati mehmonga esdalik sovgʻasini topshirdi.
“Podcast” loyihasi yoshlarni intellektual rivojlantirish, ularni mamlakatning siyosiy va ijtimoiy jarayonlariga yaqindan jalb qilish maqsadida tashkil etilgan. Uchrashuvning yuqori darajadagi mehmonlar ishtirokida o‘tishi loyihaning mamlakat yoshlariga katta ta’sir ko‘rsatishini anglatadi.