2025-yil 20-may kuni Renessans ta’lim universitetining professor-o‘qituvchilari Belarus poytaxti Minsk shahrida bo‘lib o‘tgan “Yevrosiyo gumanitar makoni: filologiya fanlarining holati va rivojlanish istiqbollari” mavzusidagi nufuzli xalqaro ilmiy anjumanda ishtirok etdi.Tadbir Belarus Milliy fanlar akademiyasi huzuridagi Madaniyat, til va adabiyot markazida tashkil etildi.
Unda Belarus, Rossiya va O‘zbekiston olimlari ishtirok etib, hozirgi davr filologiya fanlarining eng dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Anjumanda zamonaviy leksikologiya va lug‘atshunoslik, dialektologiyani o‘rganishdagi innovatsion yondashuvlar, kitob va til madaniyatini asrash yo‘llari, global integratsiya davrida milliy o‘zlikni saqlash kabi muhim mavzular muhokama qilindi.
Forum davomida vakillarimiz O‘zbekiston va Renessans ta’lim universitetining faoliyati, yutuqlari va xalqaro hamkorlikdagi yo‘nalishlari haqida keng ma’lumot taqdim etdilar.
Tadbir yakunida filologiya fanlari doktori, professor L.Raupova Belarus Milliy fanlar akademiyasi prezidenti Aleksandr Lokotkoga ikki tomonlama hamkorlik memorandumi va esdalik sovg‘alarini topshirdi.