Renessans ta’lim universiteti rektori Nusratilla Barakayevning Navro‘z bayrami tabrigi

Renessans ta’lim universiteti rektori Nusratilla Barakayevning Navro‘z bayrami tabrigi

Aziz ustozlar, qadrli talabalar! 

Ona diyorimizga, barchamiz orziqib kutgan, go‘zal va dilbar fasl – Navro‘zi olam kirib keldi.

Ana shu ulug‘ ayyom – sharqona yangi yil bilan, katta-yu kichik barcha yurtdoshlarimizni, chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman. 

Mana shu qutlug‘ kunda siz azizlarga, sihat-salomatlik, baxt va omad, oilalaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayz-u baraka tilayman. 

Doim sharqona yangi yil – Navro‘z bayramini, barcha shahar va qishloqlarimizda, umumxalq sayillari tarzida o‘tayotgani, unga o‘zgacha fayz va shukuh bag‘ishlamoqda. 

Navro‘zi olam falsafasi bizning orzu-intilishlarimiz, amaliy ishlarimiz bilan uzviy bog‘lanib ketganini bugun har qadamda yaqqol ko‘rish mumkin. “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!”, degan ezgu g‘oya atrofida birlashgan xalqimizning oliyjanob mehnati bilan mamlakatimizda yangi-yangi zamonaviy korxonalar, shinam uy-joylar, bilim maskanlarining ko‘payib borishi xalqimizning, yoshlarimizning ilmga intilishidan darak bermoqda.

Navro‘zi olam bizni butun borliqni, avvalambor, yer va suv, hayvonot va o‘simlik dunyosini, sof havoni asrab-avaylab, ona tabiatga mehribon farzand bo‘lib yashashga da’vat etadi.

Ana shunday ezgu chorlovga javoban bugungi kunda yurtimizda ulkan ishlar amalga oshirilmoqda, Navro‘z hasharlari o‘tkazilmoqda. Jumladan, “Yashil makon” loyihasi doirasida millionlab mevali va manzarali ko‘chatlar ekilmoqda, yangi bog‘-u rog‘lar barpo etilmoqda.

Qadimiy qo‘shiqlarimizda Navro‘z xazinalar ochiladigan baraka ayyomi, deya tarannum etilmoqda.

Mana, bugun mirishkor dehqon va fermerlarimiz, bog‘bon va chorvadorlarimiz yangi mehnat mavsumini boshlamoqda.

El-yurtimizdagi aziz insonlar bir-birlarini qutlab, dala va qirlar, bog‘ va maydonlarda Navro‘z bayramini shod-u xurramlik bilan nishonlamoqdalar. Doshqozonlarda sumalaklar pishirib, dasturxonlarga bahor ne’matlarini tortib, sayil-tomoshalar qilmoqdalar. Shu yorug‘ kunlarga yetkazgani uchun shukronalar aytmoqdalar. 

O‘zaro mehr-oqibat, sahovat va muruvvat ko‘rsatish, tabarruk keksalarimizni yo‘qlash, nogironlar, yordamga muhtoj insonlar holidan xabar olish, hasharlar o‘tkazib, yurtimizni yanada obod qilish kabi savobli ishlarimiz Navro‘zning fayziga yanada fayz qo‘shmoqda. 

Navro‘zi olam Vatanimizda yashayotgan barcha millat va elat vakillari uchun, butun xalqimiz uchun eng suyukli bayramdir.

Bugun fidoyi dehqon va fermerlarimiz katta orzu-umid bilan yangi mavsumni boshlamoqdalar. Barchamiz ularni chin dildan tabriklab, yilimiz qutlug‘ kelsin, hosilimiz mo‘l bo‘lsin, deb eng ezgu tilaklarimizni bildiramiz.

Bugun biz universitetimizda mana shunday qutlug‘ bayramni nishonlash barobarida, butun dunyoda tinchlik va xotirjamlik bo‘lishini, uzoq va yaqin barcha davlatlarning xalqlariga taraqqiyot, farovonlik hamda ravnaq tilaymiz. 

Barchangizni Navro‘z ayyomi bilan yana bir bor tabriklab, o‘zimning qalbimdagi eng samimiy tilaklarimni izhor etaman.

Navro‘zi olam yurtimizga tinchlik-omonlik, baxtu saodat, qut-baraka olib kelsin. Har bir oila, har bir xonadonda yaxshi kunlar, to‘y-tomoshalar ko‘p bo‘lsin.

Barchamizning ezgu orzu-niyatlarimiz ushalsin.  Osmonimiz musaffo, yurtimiz tinch, xalqimiz omon bo‘lsin. 

Navro‘z bayrami, barchamizga muborak bo‘lsin!