Qahramonlik hech qachon unutilmaydi

Qahramonlik hech qachon unutilmaydi

“Vatan ravnaqi, tinchligi va himoyasi yo‘lidagi qahramonlik unutilmaydi”. 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Renessans ta’lim universitetida yurtdoshlarimiz jasoratini yodga olishga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbir ana shunday nomlandi.
 
Universitetimiz rektori, professor Nusratilla Barakayev so‘zga chiqib, tarixdagi mard va fidokor vatandoshlarimiz xotirasi – biz uchun ibrat maktabi ekanligi, bugungi tinchlik va farovonlik uchun jonini fido qilgan ajdodlarimizga chuqur hurmatda bo‘lib, ulardan ma’naviy ozuqa olishimiz zarurligini ta’kidladi.So‘z navbatini olgan Axborot texnologiyalari kafedrasi professori, Shamsiddin Akbarxo‘jayev esa “Vatan ravnaqi, tinchligi va himoyasi yo‘lidagi qahramonlik – buyuk sharafdir” mavzusida ma’ruza qilib, Vatan yo‘lidagi fidokorliklar yuksak ma’no kasb etishini yoshlarga anglatishga harakat qildi.
 
Tadbir davomida universitet talabalari harbiy ruhdagi musiqiy chiqishlari bilan ishtirokchilar qalbida faxr va g‘urur tuyg‘ularini uyg‘otdi.
Shubhasiz, bunday tadbirlar yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘usini yanada mustahkamlaydi. Eng asosiysi – tarixni unutmaslik, mardlarni xotirlash va ularning orzu-umidlarini davom ettirish bizning insoniy burchimizdir.