Renessans ta’lim universiteti Pedagogik ta’lim va psixologiya kafedrasi tomonidan “Najmiddin Kubro — jasorat va oliyjanoblik namunasi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor A.Eshmurodov, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Din psixologiyasi va pedagogika kafedrasi professori X.M.Alimov, shuningdek, professor-o‘qituvchilar va talabalar ishtirok etishdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Din psixologiyasi va pedagogika kafedrasi professori X.M.Alimov “Najmiddin Kubro – jasorat va oliyjanoblik namunasi” mavzusida ma’ruza qilib, talaba- yoshlarga ulug‘ mutafakkirning hayot yo‘li, vatanparvarligi, ilm-ma’rifat borasidagi xizmatlari to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi.
XII – XIII asr tasavvufining eng yorqin va eng ulug‘ namoyandalaridan biri bo‘lmish ulug‘ mutafakkir olim Najmiddin Kubro ana shunday buyuk zotlardan biridir. Uning nomi Sharqda asrlardan buyon vatanparvarlik timsoli bo‘lib kelmoqda. Dunyoning bir qancha mamlakatlarida Najmiddin Kubroning hayoti, faoliyati va ijodiy merosini manbalar yordamida yoritish, kubraviya tariqatining tasavvuf tarixida tutgan o‘rni, ayni vaqtda kubraviya adabiyotining tadrijiy taraqqiyoti haqida xulosalar berish yuzasidan ustuvor yo‘nalishlarda ilmiy ishlar olib borilmoqda.
Davra suhbatida ta’kidlandiki, dunyoga siyosiy-iqtisodiy yutuqlari bilan tanilayotgan O‘zbekiston va o‘zbek xalqining shuhrati, bugun yoxud kuni kecha boshlangani yo‘q. Uning ildizlari uzoq tarixga borib taqaladi. Tadbir davomida “Najmiddin Kubro oliyjanobligi” to‘g‘risida 10 ta fakt” nomli film namoyish etildi.