Milliy qadriyatlar – har bir xalqning madaniyati, tarixi va ma’naviyatining ajralmas qismi. Ular o‘zligimizni anglatadi, ajdodlarimiz merosini asrab-avaylash va kelajak avlodga yetkazish imkonini beradi. Shu maqsadda Renessans ta’lim universiteti Pedagogika fakulteti Boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishi talabalari ishtirokida "Milliy qadriyatlar va ularning millat maʼnaviyatidagi oʼrni" shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Unda universitet professor-o‘qituvchilari, xodimlari va talabalari qatnashdi.
Tadbir doirasida o‘zbek milliy qadriyatlari – urf-odatlar, an’analar va milliy taomlar haqida mazmunli ma’lumotlar taqdim etildi. Ishtirokchilarga milliy bayramlar, o‘zbek xalqining mehmondo‘stligi, oilaviy qadriyatlari, hunarmandchilik va milliy liboslar haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, an’anaviy o‘zbek oshxonasi, milliy taomlarning tayyorlanish usullari va ularning tarixiy ildizlari haqida so‘z yuritildi.
Talabalar milliy urf-odatlar, an’analar va qadriyatlar bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirishdi, turli chiqishlar qilishdi. Tadbir davomida milliy kuy-qo‘shiqlar yangradi, milliy liboslar ko‘rgazmasi o‘tkazildi, shuningdek, milliy taomlardan bahramand bo‘lish imkoniyati yaratildi.
Milliy qadriyatlarni o‘rganish va hurmat qilish – millat ma’naviyatini yuksaltirish degani. Shunday tadbirlar orqali yoshlarimiz milliy o‘zligini anglab, o‘zbek xalqining boy madaniyatini dunyoga targ‘ib etishda faol ishtirok etishiga ishonchimiz komil.