O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 32 yilligi munosabati bilan “Konstitutsiya oyligi” tadbirlari qizg‘in davom etmoqda. Joriy yilning 4-dekabr kuni Oliy Majlis palatalarida “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etilib, Renessans ta’lim universiteti talabalari va professor-o‘qituvchilari Oliy Majlis Senatiga tashrif buyurishdi.
Ekskursiya davomida talabalar Senat kutubxonasi, matbuot xizmati bo‘limlari, katta majlislar zali va boshqa muhim bo‘limlar bilan tanishib, xodimlardan batafsil ma’lumot olishdi. Ushbu tashrif nafaqat bilimlar ulashish, balki talabalarni qonunchilik jarayonlari bilan yaqindan tanishtirishga xizmat qildi.
Ekskursiyaning eng muhim qismi – Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Baxrom Abdullayev va senator Gulnora Marufova bilan o‘tkazilgan jonli muloqot bo‘ldi. Talabalar senatorlardan mamlakatimizdagi islohotlar, qonunchilikdagi o‘zgarishlar va jamiyat oldidagi muhim vazifalar haqida ko‘plab savollarga javob oldilar.
Ochiq va samimiy muhokamalar islohotlar jarayoniga yoshlarning qiziqishi naqadar yuqori ekanligini ko‘rsatib berdi.
Bu kabi tadbirlar talaba-yoshlarni Yangi O‘zbekiston kelajagi uchun mas’uliyat hissi bilan yashashga undaydi va ularning davlat boshqaruvi jarayonlariga bevosita qiziqishini oshiradi.