Ilmiy meros va tajriba: professor Ziyoviddin G‘ulomovning 80 yilligiga bag‘ishlangan uchrashuv

Ilmiy meros va tajriba: professor Ziyoviddin G‘ulomovning 80 yilligiga bag‘ishlangan uchrashuv

Renessans ta’lim universitetida “Moliya-kredit” kafedrasi professori G‘ulomov Ziyoviddin Toxirovich tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan “Yuksak bilim va ulkan tajriba – kelajak poydevori” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni universitet rektori, texnika fanlari doktori, professor Nusratilla Barakayev ochib berdi. U professor Ziyoviddin G‘ulomovning ilmiy faoliyati, mamlakat iqtisodiyotiga qo‘shgan hissasi va yoshlarga o‘rnak bo‘ladigan insoniy fazilatlari haqida fikr bildirdi.
Davra suhbati davomida professor  Ziyoviddin G‘ulomovning hayoti va ilmiy merosi aks etgan maxsus videorolik namoyish etildi. Shuningdek, ilm-fan va ta’lim sohasining nufuzli vakillari – O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Materialshunoslik instituti direktori, fizika-matematika fanlari bo‘yicha falsafa doktori Odilxo‘ja Parpiyev, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti professori, iqtisodiyot fanlari nomzodi, sport ustasi Rishat Nabiullin, Renessans ta’lim universiteti professorlari Marat Tursinxojayev va boshqa qator hamkasblari, do'stlari so‘zga chiqib, o‘zlarining samimiy tilaklarini bildirdilar.
Professor G‘ulomov butun umri davomida boshqaruvni avtomatlashtirish, kibernetika va iqtisodiy modellashtirish sohalariga bag‘ishlangan ilmiy izlanishlar olib borgan. U 180 dan ortiq ilmiy maqola, 5 ta monografiya, 6 ta darslik va 9 ta o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar muallifi bo‘lib, asarlari orqali minglab yoshlarning kelajagiga yo‘l ochgan. Uning "Sharqona menejment" modeli haqidagi tadqiqotlari nafaqat O‘zbekistonda, balki xalqaro miqyosda ham katta e’tirofga sazovor bo‘lgan.
Shuningdek, professor G‘ulomovning ilmiy ishlari AQSh, Yevropa va Osiyoning nufuzli oliy ta’lim muassasalarida tan olingan. U bir necha xorijiy universitetlarning faxriy professori unvoniga sazovor bo‘lgan.
Bunday davra suhbatlari ilmiy merosni yodga olish, yosh avlodga bilim va tajribaning naqadar muhim ekanligini anglatishga xizmat qiladi. Professor Ziyoviddin G‘ulomovning ilm-fanga qo‘shgan ulkan hissasi, uning izlanishlari kelajak avlod tadqiqotchilari uchun ibrat bo‘lib qoladi.