Joriy yilning 10-dekabr kuni Renessans ta’lim universitetida “Ekologiyani asrashga har birimiz mas’ulmiz!” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. 2025-yilni “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilishning ahamiyati va mazmunini keng jamoatchilikka yetkazish tadbirning asosiy maqsadlaridan biri bo‘ldi.
Davra suhbati universitetning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori A.Eshmurodovning kirish so‘zi bilan boshlandi. U Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida 2025-yilni yurtimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilinganligini Yangi O‘zbekistonda ona tabiatni asrab-avaylab, ekologik barqarorlikni ta’minlashga qaratilayotgan yuksak e’tiborning amaldagi yana bir ifodasi bo‘lganligini ta’kidladi.
Shuningdek, Iqtisodiyot va Moliya-kredit kafedrasi professor-o‘qiuvchilari mamlakatimizdagi ekologik muammolar va ularning yechimlarini ilmiy nuqtayi nazardan tahlil qilib, o‘zlarining fikr-mulohazalarini bildirishdi. Ular sanoat rivoji va energiya resurslariga talabning ortishi natijasida yuzaga kelgan iqlim o‘zgarishlari, suv tanqisligi va atrof-muhitning ifloslanishi kabi global muammolarni aniq raqamlar asosida ko‘rsatib o‘tdi.
Tadbirda talabalarga ekologik madaniyatni oshirishga qaratilgan hujjatli film namoyish etildi. Filmning mazmuni yoshlarni ona tabiatga mas’uliyatli munosabatda bo‘lishga undadi.
Davra suhbati qizg‘in muhokamalar, savol-javoblar va talabalarning faol ishtiroki bilan yuksak saviyada o‘tdi. Talabalar tabiatni asrash – faqat hukumat yoki tashkilotlar emas, balki har bir insonning vazifasi ekanligini yana bir bor anglab yetishdi.
Bunday mazmunli uchrashuvlarni doimiy tashkil etish kelajak avlodning ekologiyaga bo‘lgan ijobiy munosabatini shakllantirish va yashil iqtisodiyotni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda.