“Dolzarb 90 kun”: g‘oyalar, texnologiyalar va kelajak

“Dolzarb 90 kun”: g‘oyalar, texnologiyalar va kelajak

Renessans ta’lim universitetida “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida talabalarning innovatsion g‘oya va ishlanmalariga bag‘ishlangan taqdimot bo‘lib o‘tdi.
 
Tadbirni universitetning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori A.Eshmurodov ochib berdi. U yoshlarga ishonch bildirib, ularning zamonaviy texnologiyalarni egallayotgani va mustaqil fikrlay olishi quvonarli holat ekanini ta’kidladi.
Taqdimotda asosan “Kompyuter injiniringi” yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar yil davomida o‘zlashtirgan bilimlari, mustaqil izlanishlari va ijodiy yondashuvlari asosida yaratgan veb-ilovalar, mobil platformalar va sun’iy intellekt asosidagi ishlanmalar namoyish qilindi.
Ular orasida Muhammad Odilxonovning “Dentical.uz” loyihasi alohida e’tiborga loyiq bo‘ldi. U yaratgan platforma klinikalar faoliyatini avtomatlashtirish, elektron tibbiy kartalarni yuritish, tashxis va davolash jarayonlarini markazlashtirish, shuningdek, shifokorlar va bemorlar o‘rtasidagi jarayonlarni samarali boshqarish imkonini beradi. 
Tadbir davomida ko‘plab g‘oyalar taqdim etildi. Talabalar tomonidan ishlab chiqilgan har bir loyiha nafaqat texnologik jihatdan innovatsion, balki amaliy tomondan ham foydali bo‘lib, kelajakda turli sohalarga tatbiq etilishi mumkinligi bilan ajralib turdi.
 
Eng muhimi – bu loyihalar ortida katta mehnat, izlanish va ishonch bor. Va bu ishonch albatta o‘z samarasini beradi.