Ayni paytda universitetimizda davom etayotgan Navro‘z saylida nafaqat jismoniy kuch, balki aql va mantiq sinovlari ham katta e’tiborda bo‘lmoqda. Bayram doirasida tashkil etilgan shaxmat va shashka musobaqasi intellektual bellashuvlarning markaziga aylandi.
Musobaqada turli darajadagi ishtirokchilar qatnashmoqda – ayrimlar tajribali shaxmatchilar bo‘lsa, boshqalar endigina o‘yinni mukammal o‘rganishga harakat qilayotgan yosh iqtidor egalaridir. Shu bois, har bir uchrashuv o‘ziga xos va qiziqarli kechmoqda. Ayrim partiyalar tezkor yurishlar bilan yakunlangan bo‘lsa, ba’zilari uzoq davom etib, qatnashchilar sabr va diqqatni sinamoqda.
Shashka esa tezkor fikrlash, aniq harakat va o‘z vaqtida to‘g‘ri qaror qabul qilishni talab qiladi. Bu o‘yinda ham ishtirokchilar o‘z mahoratini sinovdan o‘tkazdi. Ba’zi bellashuvlar bir necha daqiqada hal bo‘lsa, boshqalari uzoq davom etib, tomoshabinlarni ham hayratga soldi.
Musobaqa yakunida eng iqtidorli va zukko ishtirokchilar g‘olib deb topildi. Ammo asosiy yutuq – bu o‘yin davomida orttirilgan tajriba, sabr va strategik tafakkur bo‘ldi.
Navro‘z bayrami doirasidagi bu aql charxi musobaqasi barchada ajoyib taassurot qoldirdi. Tafakkur kuchi har qanday jismoniy kuchdan ham ustunligini yana bir bor isbotladi!
Bizni kuzatishda davom eting.