RTU’da “Yangi Renessans istiqbolida filologik-pedagogik tadqiqotlarning nazariy va amaliy ahamiyati” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi

RTU’da “Yangi Renessans istiqbolida filologik-pedagogik tadqiqotlarning nazariy va amaliy ahamiyati” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi

Renessans ta’lim universitetida “Yangi Renessans istiqbolida filologik-pedagogik tadqiqotlarning nazariy va amaliy ahamiyati“ mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi. Ushbu konferensiya nufuzli xorijiy va respublika ta’lim muassasalari: Turkiya Respublikasining Karabuk universiteti va Hoji Bayram Vali  universiteti, Hindistonning Jamia Millia Islomiya universiteti, Qozog‘iston Respublikasi Jubanov nomidagi Aktyube mintaqaviy universiteti, Tojikiston Respublikasining akademik B.G‘ofurov nomidagi Xo‘jand davlat universiteti, Qirg‘iziston Respublikasining B.Osmonov nomidagi Jalolobod davlat universiteti hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti  universiteti huzuridagi pedagogik kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash tarmoq markazi bilan hamkorlikda tashkillashtirilgan. Shuningdek, konferensiyada Kasablanka universiteti, Malayziya davlatining Pendidikan Sulton Idris universiteti,  Qozon davlat universiteti, Ozarbayjon Davlat Pedagogika universiteti, Oʻsh davlat universiteti, (Eron) Tabriz universiteti hamda respublikamizning nufuzli oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari maqolalar bilan ishtirok etishdi. 
Ushbu konferensiyani o‘tkazishdan maqsad mamlakatimizda davlat tiliga e’tibor ma’naviyatga e’tiborning ustuvor yo‘nalishlaridan biri darajasiga ko‘tarishdan iborat. Shu boisdan ona tilimizni asrab avaylash, boyitish, undan amaliy foydalanish samaradorligini oshirish bilan birga o‘zbek tilining zamonaviy yo‘nalishlari bo‘yicha ilg‘or tadqiqotlar natijasiga erishish kechiktirib bo‘lmas masalaga aylandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 20-oktabrdagi “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6084-sonli Farmoniga muvofiq “2020-2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi”da belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash bugungi kundagi kechiktirib bo‘lmaydigan masalalardan biridir. Zero, bu muhtaram prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyevning: ...davlat tilining sofligini saqlash, uni boyitib borish va aholining nutq madaniyatini oshirish; davlat tilining zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarida faol integrasiyalashuvini ta’minlash borasidagi fikrlari bugungi kunda tilshunoslik oldida turgan dolzarb vazifalarning muhim ekanini isbotlaydi.
Shuningdek, konferensiya doirasida Filologiya fanlari doktori, professor Raupova Laylo Rahimovnaning 50 yillik Yubileyi ham nishonlandi va ular tantanali tarzda muborakbod etildi.
Uchrashuv davomida mehmonlar uchun universitet tomonidan Coffe-Break tashkil qilindi.