Joriy yilning 30-yanvar kuni Renessans ta’lim universitetida “Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy islohotlarda xotin-qizlarning o‘rni” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbirda universitetning ayol professor-o‘qituvchilari va xodimlari ishtirok etdi.
Seminarni universitet rektori, professor Nusratilla Barakayev ochib berdi va xotin-qizlarning jamiyat taraqqiyotidagi beqiyos o‘rni va ma’naviy islohotlardagi faol ishtiroki muhimligini ta’kidladi.
Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari, falsafa fanlari doktori, professor Matluba Kaxxarova hamda qo‘mita bosh mutaxassisi Feruza Rustamova so‘zga chiqib, “Ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini ta’minlashda xotin-qizlarning o‘rni va roli” mavzusida ma’ruza qildilar.
Ular bugungi kunda xotin-qizlarning ilm-fan, ta’lim va ma’naviyat sohalaridagi faoliyati tobora ortib borayotgani, bu jarayonda ularning huquqiy va ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlanishi muhimligini ta’kidladilar.
Bunday tadbirlar nafaqat xotin-qizlarning jamiyatdagi mavqeini mustahkamlash, balki ularning yosh avlod tarbiyasidagi rolini yuksaltirishga ham xizmat qiladi.