Renessans ta’lim universiteti vakillari Tailand-Markaziy Osiyo xalqaro ta’lim hamkorlik forumida ishtirok etdi

Renessans ta’lim universiteti vakillari Tailand-Markaziy Osiyo xalqaro ta’lim hamkorlik forumida ishtirok etdi

 
Renessans ta’lim universiteti bir guruh professor-o‘qituvchilari Tailandning Bangkok shahrida Assampshn universiteti tashabbusi bilan tashkil etilgan xalqaro forumda ishtirok etdi.
 
Mazkur forum mintaqalararo akademik aloqalarni mustahkamlash, o‘zaro hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilish hamda tajriba almashish maqsadida tashkil etildi. Unda ishtirok etgan vakillarimiz forum qatnashchilariga O‘zbekiston va Renessans ta’lim universitetining faoliyati, yutuqlari va xalqaro aloqalari haqida atroflicha ma’lumot berdi.
 
Tadbir doirasida filologiya fanlari doktori, professor L.Raupova Renessans ta’lim universiteti rektori nomidan imzolangan ikki tomonlama hamkorlik memorandumini Assampshn universiteti prezidenti, professor Sirachai Fonsekaga topshirdi. Shu bilan birga, tomonlar bir-biriga do‘stlik va o‘zaro hurmat ramzi sifatida esdalik sovg‘alarini tuhfa qildi. 
 
Tadbir davomida alohida ta’kidlab o‘tildiki, bu hamkorlik “Yangi Ipak yo‘li” fondi tashabbusi doirasida Tailand va Markaziy Osiyo oliygohlari o‘rtasidagi bilim almashinuvi va tajriba hamkorligini mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.
 
Tashrif yakunida tomonlar Assampshn universiteti bilan doimiy aloqalarni yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ilmiy va ta’limiy loyihalarni ishlab chiqish hamda o‘zaro manfaatli strategik hamkorlik yo‘nalishlarini aniqlash bo‘yicha kelishuvga erishdi.