Ma'lumki, joriy yil 6-noyabr kuni Buyuk Britaniyaning Greenwich universiteti delegatsiyasi ishtirokida Renessans ta’lim universitetida o‘tkazilgan muzokaralarning mantiqiy davomi sifatida universitet rektori Shohruh Nuraliyev Buyuk Britaniyaning Greenwich universitetida bo‘lib, muzokaralar o‘tkazdi.
Tashrif doirasida ushbu nufuzli oliy ta’lim muassasasi vakillari bilan ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha muhokamalar o‘tkazildi. Suhbat chog‘ida professor-o‘qituvchilar va talabalarning qo‘shma loyihalar, dasturlar va amaliyotlarda ishtirokini yo‘lga qo‘yish, ilmiy-tadqiqot ishlari, shuningdek, tajriba almashish mexanizmlarini mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, Oxford “Birsöz tashabbusi” rahbari Leyla Najafzoda bilan uchrashib, Renessans ta’lim universitetining faoliyati, jumladan, ta’lim sifati va xalqaro hamkorlik aloqalari to‘g‘risida ma’lumot berdi. Shuningdek, o‘zaro manfaatli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha amaliy takliflar ilgari surildi.
Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad — nufuzli xorijiy universitetlar bilan mustahkam aloqalarni yo‘lga qo‘yish, professor-o‘qituvchi va talabalar uchun yangi imkoniyatlar yaratish hamda ta’lim sifati va ilmiy salohiyatni xalqaro mezonlar asosida yanada takomillashtirishdan iborat.