Renessans ta’lim universitetida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan “O‘zbek tilim – o‘zligim tilim” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, “Do‘stlik” ordeni sohibi, taniqli jurnalist va shoir Shodmonqul Salom, shuningdek, Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, “Nuroniy” gazetasi hamda “Keksalik gashti” jurnali bosh muharriri o‘rinbosari, shoir Bahodir Obid ishtirok etdi.
Unda universitet professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlar, shuningdek, til va adabiyot ixlosmandlari ishtirok etdi. Tadbirning asosiy maqsadi – o‘zbek tilining milliy o‘zligimizni ifoda etishdagi o‘rni, ma’naviy boyligi hamda yosh avlod tarbiyasidagi ahamiyatini keng yoritishdan iborat bo‘ldi.
Ishtirokchilar tomonidan o‘zbek tilining tarixiy shakllanish bosqichlari, davlat tili maqomini olganidan keyingi rivojlanish jarayonlari, shuningdek, so‘nggi yillarda ona tilimizni asrab-avaylash va rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so‘z yuritildi.
Shoir Shodmonqul Salom o‘z nutqida ona tilining inson ma’naviyatidagi o‘rni, millat g‘ururi va o‘zligining ifodasi sifatidagi ahamiyatini alohida ta’kidladi. Shoir Bahodir Obid esa o‘zbek tilining so‘z boyligi, ohangdorligi va ifoda imkoniyatlari haqida fikr bildirib, yoshlarni ona tilini chuqur o‘rganishga va uni e’zozlashga chaqirdi.
Yakunda mehmonlarga esdalik sovg‘alari topshirildi. Tadbir ishtirokchilarda ona tiliga mehr, so‘zga ehtirom va milliy qadriyatlarga sadoqat tuyg‘usini yanada mustahkamladi.