Renessans ta’lim universitetida 3 karra Olimpiya o‘yinlari sovrindori, Osiyo va jahon musobaqalarining faxrli g‘olibi, “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvoni sohibi, “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan va “O‘zbekiston Respublikasi faxriy sportchisi” deb e’tirof etilgan Abdulla Tangriyev bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Sport faoliyati kafedrasi ustozlari va talabalari ishtirok etdi. Chempionimiz o‘z sport yo‘li, yutuq va mag‘lubiyatlari, kurashlar ortidagi sabr, fidoyilik va mehnat haqida samimiy so‘zlab berdi.
“Agar chempion bo‘lishni istasangiz, ustozlaringizning har bir ko‘rsatmasini jiddiy qabul qiling. Hech qachon to‘xtamang, harakatda davom eting!” – dedi Abdulla Tangriyev yosh sportchilarga.
Shuningdek, uchrashuvda universitetimizning Sport faoliyati yo‘nalishi 2-bosqich talabasi Rahmonov Ro‘zimuhammad alohida e’tirof etildi.
U joriy yilning 10–12-iyun kunlari Toshkent shahri Shayxontohur sport maktabida o‘tkazilgan oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi stol tennisi musobaqasida faxrli 1-o‘rinni egalladi.
Eslatib o‘tamiz, musobaqada Toshkentdagi 32 ta oliy ta’lim muassasasidan 100 dan ortiq talaba ishtirok etdi va Ro‘zimuhammad ana shunday kuchli raqobatda eng yuqori o‘ringa munosib deb topildi.Universitetimiz jamoasi Ro‘zimuhammadga omad tilaydi!