Bugun, 14-fevral – buyuk shoir, adolatli davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 542 yilligi keng nishonlanmoqda. Uning nomi butun jahon tarixida o‘chmas iz qoldirgan shaxs sifatida e’zozlanadi.
Bobur yuksak badiiy mahoratga ega shoir edi. Uning ijodi asrlar osha qadrlanib, jahon adabiyotining durdonalari qatorida tilga olinmoqda. Shoirning dilbar g‘azallari, serma’no ruboiylari insoniyatni adolat, insonparvarlik va yaxshilikka chorlaydi.
Eng mashhur asarlaridan biri – “Boburnoma” nafaqat tarixiy xronika, balki boy ma’naviy meros bo‘lib, unda shohning hayoti, kurashlari va orzulari jonli tasvirlangan.
Uning jasorati, bilimga chanqoqligi va adolatga bo‘lgan intilishi bugungi avlodga ham ibrat bo‘lib qolmoqda. Shunday ekan, Zahiriddin Muhammad Boburni yod etish, uning merosini chuqur o‘rganish va avlodlarga yetkazish barchamizning burchimizdir.