27-noyabr kuni Renessans taʼlim universitetida ilm-fan va taʼlimning jamiyat taraqqiyotidagi oʻrni xususida muhim davra suhbati boʻlib oʻtdi.
“Taʼlimdan oʻzga najot yoʻq va boʻlmagay” deya nomlangan uchrashuvni universitetning Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektori Akbar Eshmurodov ochib, taʼlimning yosh avlod kelajagidagi roli haqida soʻz yuritdi.
Asosiy mehmon sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi maslahatchisi, dinshunos, “Shuhrat” medali sohibi Ilhom Maʼrupov ishtirok etdi. U oʻz nutqida taʼlim va ilm-fanni jamiyat rivoji uchun yagona yoʻl sifatida taʼkidlab, yoshlarni ilm olishga undadi.
U “Ilm-fan yoʻq joyda taraqqiyot ham, farovonlik ham boʻlmaydi. Har bir inson bilim olishni oʻzining muqaddas burchi deb bilishi kerak” – deya taʼkidladi.
Tadbir talabalar va universitet jamoasi uchun nafaqat qiziqarli, balki chuqur fikrlarga boy va ilhomlantiruvchi boʻldi. Uchrashuvda ilmga qiziqish va intilishning naqadar muhim ekanligi yaqqol namoyon boʻldi.
Renessans taʼlim universitetidagi bu tadbir yoshlarning kelajakka yangicha nazar bilan qarashlariga turtki berdi va taʼlimning naqadar beqiyos qadriyat ekanligini yana bir bor isbotladi.