Bugun yurtimizda yoshlar taqdiri, ularning bilim olishi va jamiyatdagi oʻrnini mustahkamlash borasidagi ezgu gʻoyalar real amaliyotga aylanyapti. Yangi Oʻzbekiston bunyodkorligi yoʻlida Prezidentimiz ilgari surgan “Yoshlar – Uchinchi Renessans bunyodkorlari” tamoyili hayotga chuqur kirib bormoqda.
Yurtimizda olib borilayotgan izchil siyosat natijasida, 2025-yil 16-aprel kuni Renessans taʼlim universiteti tomonidan navbatdagi muhim ilmiy-amaliy tadbir – “Yoshlar – Uchinchi Renessans drayveri” mavzusidagi respublika konferensiyasi oʻtkazildi.
Unda respublikamizdagi turli oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalaridan professor-oʻqituvchilar, tadqiqotchilar va talabalar ishtirok etdi.
Konferensiyaning asosiy maqsadi – yoshlarning intellektual salohiyatini yuksaltirish, ularni ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatga faol jalb qilish, taʼlim, fan va ijtimoiy hayotdagi ishtirokiga yanada keng yoʻl ochishdan iborat.
Ana shu gʻoya negizida tashkil etilgan mazkur konferensiya yoshlarni ilmiy izlanishlar va yangiliklarga chorlash, zamonaviy bilim va koʻnikmalarni mustahkamlash, milliy va umumbashariy qadriyatlarni uygʻunlashtirishda oʻziga xos intellektual platforma vazifasini bajardi.
Konferensiya oʻz ishini yalpi majlis bilan boshladi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda Renessans taʼlim universiteti vakillari maʼruza va taqdimotlar bilan ishtirok etdi.
Taqdimotlarda yoshlarning rivojlanishi uchun davlat siyosatida belgilangan ustuvor vazifalar, yosh avlodni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning davlat va jamiyat hayotidagi faolligini oshirishga qaratilgan islohotlar, milliy qadriyatlar asosida tarbiya, innovatsiyalar va kiberxavfsizlik, xorijiy tillarni oʻqitishning zamonaviy yondashuvlari haqida soʻz yuritildi.
Bugungi yoshlar o‘zlarining katta natijalari bilan yangi tarix yaratmoqda. Xalqimiz qoʻlga kiritayotgan ulkan yutuqlar bilan birga, bu natijalar Yangi Oʻzbekiston tarixiga, Uchinchi Renessans tarixiga aylanadi.
Konferensiya ishi quyidagi muhim yoʻnalishlar boʻyicha ajratilib, yosh olim va tadqiqotchilarning ilmiy maqolalari taqdimoti, innovatsion loyihalar va startaplar koʻrgazmasi, mutaxassislar bilan ochiq muloqotlar, maʼruzalar va muhokamalar shaklida davom etdi:
1-yoʻnalish: Yoshlar va Uchinchi Renessans barqaror taraqqiyot ijtimoiy-siyosiy fanlar talqinida
2-yoʻnalish: Pedagogika va psixologiya: Yoshlar uchun innovatsion rivojlanish strategiyalari
3-yoʻnalish: Aniq va tabiiy fanlar, texnologiya va innovatsiyalar: Uchinchi Renessans sari yoshlar tashabbuslari
4-yoʻnalish: Filologik taʼlim muammolari yosh tadqiqotchilar qarashlarida
5-yoʻnalish: Raqobatbardosh kadrlar tayyorlashda xorijiy tillarni oʻqitishning zamonaviy usullari
6-yoʻnalish: Yashil iqtisod va ekologik innovatsiyalar: barqaror rivojlanishda yoshlarga berilayotgan imkoniyatlarHar bir seksiyada yosh olimlar, magistrantlar va talabalar oʻz ilmiy maqolalari, loyihalari va tahlillari bilan ishtirok etib, qizgʻin muhokamalarga sabab boʻldi.
Umuman olganda, anjuman mazmunli muhokamalar va innovatsion fikrlar bilan esda qoldi. Konferensiyada 50 dan ortiq ilmiy maʼruzalar tinglandi va qator muhim xulosalar qilindi.
Tadbir natijalariga koʻra, ilmiy izlanishlarni qoʻllab-quvvatlash, yoshlarni tadqiqotchi sifatida tarbiyalash, innovatsion gʻoyalarni amaliyotga joriy etish boʻyicha aniq taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Yosh tadqiqotchilarning tashabbuslari Oʻzbekistonda Uchinchi Renessans gʻoyasini amalga oshirishda yosh avlodning hal qiluvchi oʻrni borligini yana bir bor namoyon etdi.
Shu tariqa “Yoshlar – Uchinchi Renessans drayveri” respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi oʻz ishini muvaffaqiyatli yakunladi.