Bugun, 14-yanvar kuni, Renessans taʼlim universitetida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 33 yilligi va “Vatan himoyachilari kuni” munosabati bilan oʻziga xos bayram tadbiri boʻlib oʻtdi.
Bayram davlat madhiyasi bilan boshlandi. Tadbir davomida Vatan himoyachilariga boʻlgan hurmat va ehtirom chuqur ifoda etildi. Universitet professor-oʻqituvchilari va talabalari Vatan himoyachilari kunining mazmun-mohiyatini his qilar ekan, oʻz ona yurtiga boʻlgan faxr va mehrini soʻz va amalda namoyon etdi.
Universitetimiz rektori, professor Nusratilla Barakayev barcha ishtirokchilarni bayram bilan tabrikladi. Bir guruh fidoyi professor-oʻqituvchilar universitetning faxriy yorliqlari bilan taqdirlandi.
Bayram tadbirida chiqish qilgan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi huzuridagi “Maʼrifat targʻibotchilari” jamiyati aʼzosi, falsafa fanlari doktori, professor Shermuhamedova Jamila Toshpoʻlatovna Vatan tuygʻusi, Vatanni himoya qilish toʻgʻrisida toʻlqinlanib gapirdi.
Shuningdek, sportchilarimizning muvaffaqiyatlari esa alohida eʼtirofga loyiq boʻldi. Xalqaro belbogʻli kurash musobaqasida faxrli oʻrinlarni egallagan ustoz va talabalar qimmatbaho sovgʻalar hamda taʼlim toʻlovlariga chegirmalar bilan ragʻbatlantirildi.
Talabalarning jangovar va vatanparvarlik sahnalari bilan chiqishlari ishtirokchilarni hayajonga soldi. Askar maktubi aks ettirilgan sahna koʻrinishi hammani birdek toʻlqinlartirdi.
Renessans taʼlim universitetida oʻtgan ushbu tadbir vatanparvarlik va milliy iftixor tuygʻularini yanada yuksaltirib, ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.